Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dengizko‘lga borganmisiz?
19:16 / 2023-04-15

Sayohat manzillari

Dengizko‘l haqida ko‘p eshitganmiz, ammo bir marta borib ko‘rish nasib etmagan edi. Nihoyat fotomuxbir bilan Dengizko‘l sari otlandik.  

Yo‘l-yo‘lakay ko‘l haqidagi ma’lumotlar bilan tanishib bordik. Ma’lumotlarga ko‘ra, Dengizko‘l  Buxoro viloyati Olot tumani va Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanining Turkmaniston bilan chegaradosh qismida joylangan. O‘rta asrlarda “Borgini farox”, ya’ni “Katta ko‘l” deb yuritilgan. X asrga oid yozma manbalarda Dengizko‘l “Qorako‘l”, “Buxayrayi Somjan” (“Somjan ko‘li”) nomlari bilan atalgan. X asrda arab geografi Ibn Havqal tomonidan chizilgan O‘rta Osiyo xaritasida “Baxr ul-Buxoro” (“Buxoro dengizi”) nomi bilan ko‘rsatilgan.  Muhammad  Narshaxiy (X asr) bu ko‘l haqida “kengligi yigirma farsax (140-160 kelometr) bo‘lib, Buxoro daryosining ortiqcha suvi shu ko‘lga yig‘ilgan, unda suv jonivorlari ko‘p, butun Xurosonda bu yerdagidek miqdorda qush va baliq tutilgan emas”, deb yozgan.  

Mirishkor tumanining Pomiq shaharchasidan chiqqach chegarasi yo‘q cho‘l muhiti sizni qarshi oladi. Ayni paytda kunning me’yoridan ortiq qizishi cho‘lda ikki hissa bilinadi. Shunday cho‘lda dengizdek ko‘lning bo‘lishi uxlab tushga kirmaydi. Bu yog‘i chang to‘zon. Yalanglik bo‘lgani bois cho‘lda shamol shiddatli esadi. Bahor kelishi bilan ko‘rimsizgina yashil tusga kirgan saksovullar kuchli shamoldan singudek tibranadi.  

Yo‘l haqiqatda olis ekan, ketar ekanmiz oxiri yo‘qdek tuyuladi. Ba’zan to‘xtab atrofni tomosha qilamiz. Atrof keng, qaysi tomonga boqmang qum barxanlari, shovullagan saksovul va yulg‘unlar. Ammo e’tibor berib qaralsa, mana shu yalanglikda ham hayot qaynaydi. Tuproq tusidagi yumronqoziqlar ikki oyog‘ida turib, navbatchi askardek bizni kuzatadi. O‘ziga xos tovush bilan sheriklariga xabar beradi. Bamaylixotir yo‘lni kesib o‘tayotgan cho‘l tulkisi odam hidini sezib, popuk dumini ko‘targancha saksovullar panasiga o‘zini uradi. Cho‘lga ozgina oralaymiz. Nogahon ko‘zimiz toshbaqaga tushib qoldi. Ne-ne “tashvishlar”ni zimmasiga olgandek, toshbaqa ohista qumda odimlaydi...  

[gallery-11476]

Yo‘lda cho‘ponlarga duch kelamiz. Shunday sahrolarda qo‘y-qo‘zilarini boqib yurganini ko‘rib, cho‘ponlik zahmatini his qilgandek bo‘lamiz. Undan Dengizko‘lga olib boradigan yo‘lni so‘rash asnosida ozgina suhbatlashdik. Bizni baliqchi deb o‘yladi shekilli, “Ko‘lga yaqin qoldingizlar, ammo ko‘l suvi juda sho‘rligi bois hozir baliq yo‘q” deydi cho‘pon va boradigan yo‘lni tushuntiradi.  

Ma’lum bir joyga yetganimizda internet yo‘qligi sababli lokatsiyamiz ham ishlamay qoldi. Aksiga olib asfalt yo‘l ham tugadi. Lekin yaqin qolganimizni his qilib turardik. Tavakkal qilib, cho‘l o‘rtasida cho‘ponlarning mashinalari hosil qilgan yo‘ldan mashinamizni haydadik. Uzoqdan ko‘rinib turgan baland tepalikka qarab boraverdik.  

Nihoyat baland past-dovonlardan o‘tib, Dengizko‘lga yetib keldik. O‘lkan bahri-muhit bizni qarshi oldi. Oxiri ko‘rinmaydigan ummon har qanday kishini o‘ziga rom etishi tayin. Kuchli shamoldan hosil bo‘lgan to‘lqinlar qirg‘oqqa  mavjlanib uriladi. Qirg‘oqda hosil bo‘lgan cho‘kindilarda dengiz chig‘anoqlari ko‘zga tashlanadi. Baliqchi qushlar juft-juft bo‘lib, ko‘l o‘zra pastlab uchadi. Demak cho‘ponlar aytganchalik dengiz kimsasiz emas. Ko‘l qirg‘og‘ining yalanglik qismlarida to‘qayzorlar hosil bo‘lgan. U yerda esa yovvoyi tabiat qaynaydi. Insoniyatdan yiroqda bo‘lgani bois ko‘plab qushlar to‘qayzorni makon qilgan. Kutilmagan mehmonlarni kelganini ko‘rib, xurkib osmonga ko‘tariladi. Uzoqroqqa borib yana qo‘nadi. To‘qayda yovvoyi o‘rdak, g‘oz, hatto qaldirg‘ochlarni ham ko‘rish mumkin. Xullas cho‘l va ummon bir-biriga mos kelmaydigan ikki tabiat hodisasini shu yerda kuzatish mumkin. Ko‘ldan 10 qadam uzoqlashsangiz, qumliklar makon qilgan sahro, yaqinlashsangiz salqin havoli ko‘l tabiati sizni qarshi oladi.  

Qirg‘oqda oqarib qolgan tuproqdan ko‘l suvining sho‘rligini payqash mumkin.  

Internet tarmog‘i orqali olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Dengizko‘lga bir qancha kollektor-zovurlardan keladigan tashlama suv va ekin maydonlarini sug‘orish natijasida hosil bo‘lgan sizot suvi kelib quyiladi. Zarafshon daryosining asosiy tarmog‘i — Toyqir ham to‘linsuv davrida ko‘lgacha yetib boradi. Dengizko‘ldan suv oqib chiqmaydi, sarflanish asosan bug‘lanish va qisman shimilish hisobiga kechadi. 60-yillar va 70-yillarning boshlarida Dengizko‘lning maydoni va chuqurligi tez-tez o‘zgarib turgan: suv ko‘p quyilgan davrlarda ko‘lning maydoni 80-100 kilometr kvadrat, chuqurligi 1,0-1,5 metr, yoz oxirida esa tegishlicha – 40-60 kilometr kvadrat va chuqurligi 25-30 santimetr bo‘lgan. 70-80-yillarda Buxoro viloyatining janubida yangi yerlarning o‘zlashtirilishi va oqova suvlar mikdorining ortishi natijasida Dengizko‘l yildan-yilga kattalasha borgan. 80-yillarning oxiri (1987)da uzani 43,3 kilometr, eng keng joyi — 9 kilometr, eng chuqur joyi 22 metr, suv yuzasi maydoni 267 kilometr kvadrat, suv hajmi — 2,7 kilometr kub bo‘lgan.  

Bu qiymatlar  suv sathi tebranishiga mos ravishda yil davomida o‘zgarib turadi: kuzda bug‘lanish kamaygach, suv muvozanati turg‘unlashadi. So‘ng suv sathi yana orta boradi. Dengizko‘l kollektor zovur suvlari hisobiga to‘yinadi. Yozda bug‘lanish ancha kuchli. Dengizko‘lda shamol ta’sirida to‘lqinlar kuzatiladi. Suvi juda sho‘r, ko‘lning tubi ayrim joylarda 0,5 metrgacha qalinlikda osh tuzi bilan qoplangan. Dengizko‘l suvi shifobaxshdir.  

Ko‘lning qirg‘og‘i bo‘ylab aylanar ekanmiz, go‘yo o‘lkamizda yana bir dengizni kashf etgandek bo‘lamiz. Yaratganning o‘zi hosil qilgan tabiatning ajoyibotlariga tahsin aytamiz va katta taassurotlar bilan ortimizga qaytamiz.  

O‘lmas Barotov,  

Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.