Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dengiz va quruqlikni bog‘lovchi SHHTning logistik markazida O‘zbekistonning o‘z kompaniyasi bo‘ladimi?
20:28 / 2023-05-25

Dengiz sohilida joylashgan 34 kilometr uzunlikdagi manzil bir yilda o‘rtacha 300 million tonna yukni qabul qilib, qayta jo‘natish vazifasini bajaradi. Jumladan, 2023 yil may oyining 25 kunida 700 ta konteyner yuklangan.

Bu raqamlar Lyanyungan porti bilan tanishgan chog‘imiz va shahar ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari Chju Sinbo bilan uchrashuvda tilga olindi. 

Garchi dengizni yer bilan bundan 30 yil avval bog‘lagan va ilk bor shu yerdan yuklarni Rossiyaga yuborgan bo‘lsalarda, Lyanyungan logistik markazi Shanhay Hamkorlik Tashkiloti tuzilganidan keyin ochilgan. Bugun bu yerga 108 ta davlatdan kemalar va yuk poyezdi keladi. Logistika markazining hududi 629 gektarga yetgan.

-Biz shu yil aprel oyida O‘zbekistonga bordik, Toshkent shahri bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatdik, - deydi Chju Sinbo. – Dengiz porti va logistika markazidan O‘zbekiston uchun joy ajratishga tayyormiz. Axir ularning ikkisi ham SHHT tomonidan ta’sis etilgan. 

Hozircha bu yerda SHHT a’zolaridan Qozog‘iston xalqaro logistik kompaniyasi faoliyat yurityapti.

-Biz 2017 yilda ish boshladik, - deydi kompaniya bosh direktori o‘rinbosari Aziz Iskenderov. – O‘rta Osiyo, qisman Yevropaga va aksincha u yerlardan dengiz portimizgacha yuklarni yetkazish hamda keltirish bilan shug‘ullanamiz. Masalan, may oyining 25 kuniga qadar O‘zbekistonga har birida 50-60 tadan konteyner bo‘lgan 14 ta eshelonda yuk yubordik. Bu O‘zbekiston korxonalari, tadbirkorlari importi edi. Dengiz yo‘lidan jo‘natish uchun o‘sha konteynerlarda mineral o‘g‘it, tekstil mahsulotlarini olib kelyapmiz. Bu ularning eksportidir. 

Shunday qilib O‘zbekiston Xitoy sharqi- Sariq dengiz bo‘yidagi Lyanyungan logistika markazidan import va eksport jarayonini amalga oshirishda foydalanyapti. Yuklar tez va arzon manzilga yetyapti. Lekin... Lekin haligacha Lyanyungan dengiz porti va temir yo‘l bo‘linmasida yurtimizga tegishli hudud, bu ishlar bilan shug‘ullanadigan mustaqil maqomdagi tashkilot yo‘q. 

Holbuki, birinchidan, O‘zbekiston SHHTga a’zo va bunga huquqiy haqqi, hamda imtiyozi bor;

ikkinchidan, Lyanyungan logistik markazi orqali O‘zbekistonning salmoqli yuki import-eksport qilinmoqda. Unga bu yerda mustaqil logistika kompaniyasi kerak;

uchinchidan, Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlanmoqda. Bu esa O‘zbekiston orqali o‘tadigan yuk hajmi keskin ko‘payishiga olib keladi;

to‘rtinchidan, O‘zbekiston egaligidagi shunday kompaniya ochilsa, u nafaqat yurtimizga, balki qo‘shni Qirg‘iziston Tojikiston, Afg‘oniston yuklari uchun ham xizmat ko‘rsatish imkoni yaratiladi.

-O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifi va “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitidagi hamkorlikda, o‘zaro teng manfaatli loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz, dedi. Biz bu mujdani yaqin kunlarda Lyanyungandagi SHHT logistika markazi qoshida O‘zbekiston kompaniyasi ochilishiga ishora deb tushundik, - deydi shahar ma’muriyati islohot va rivojlantirish qo‘mitasi bosh muhandisi Van Chen Jang.

Yana bir mulohaza. O‘zbekiston tadbirkorlar yurti. Balki Sariq dengiz sohilidagi logistik kompaniyani xususiy mulk egalari ta’sis etar? Axir u avvalo O‘zbekiston va vatanimiz ishbilarmonlariga xizmat qilardi!

Muhammadjon Obidov

Pekin - Lyanyungan