Yo‘l-yo‘lakay
<iframe width="1250" height="703" src="https://www.youtube.com/embed/m_0c_kyIXqc" title="Dengiz darvozasi yoxud temir yoʻl, avtomagistral va havo transporti bilan bogʻlangan port" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Oldin ko‘rmagan va bilmagan narsalarimizga duch kelsak uning yonidan befarq o‘ta olmaymiz. Bunday qiziqish tabiatimizga xos.
Shimoliy Xitoy darvozasi – Tyanszin portida ham ana shu hisni tuydik. O‘zbekiston geografik jihatdan dengizga chiqish imkoniyati yo‘q davlatlardan biri. Bepoyon suvning ohista chayqalishi, qirg‘oq qushlarining baland ovozi va kemalar mahobati bizni befarq qoldirmaganining sababi ham shundandir ehtimol.
“Yo‘l-yo‘lakay” ruknining bu galgisi portlar haqida. Oldin o‘zim yozmagan mavzu, duch kelmagan manzara taassurotlari.
Port – logistika. O‘zbekistonda bu yo‘nalish asosan quruqlik orqali rivojlanmoqda. Xususan, keyingi yillarda zamonaviy transport yo‘laklari va logistika yechimlariga e’tibor qaratilmoqda. Bunda xalqaro sa’y-harakatlar va tajribalarga tayanilayotgani e’tiborga molik.
Aniq misollarga to‘xtalamiz. Joriy yilda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlandi. “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.
Yana bir muhim tomoni “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish choralari ko‘rilmoqda. Bu yo‘nalishni “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l magistrali bilan tutashtirishdek istiqbolli rejalar bor.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda xalqaro transport yo‘laklari hamda infratuzilmani rivojlantirish harakatlari izchil davom etmoqda.
Xitoyga bo‘lgan xizmat safarimiz davomida ana shu mavzu – portlar haqida qisqagina material tayyorladik.
Keyingi yillarda Xitoy nafaqat ishlab chiqarish, balki dunyo savdosining logistika markaziga ham aylandi. Bu jarayonda mamlakatdagi portlar va transport infratuzilmasining ulkan ahamiyat kasb etgani tajriba bilan isbotlanmoqda. Jahondagi eng yirik yuk aylanmasining katta qismi aynan Xitoy portlari orqali amalga oshiriladi.
Shanxay, Shenchjen, Guanchjou, Ninbo kabi portlar yuk tashish hajmi bo‘yicha jahonda yetakchilar sirasiga kiradi. Ularning har biri muayyan funksiyalarga ixtisoslashgan. Shu qatorida Tyanszin porti o‘z xususiyatlari va strategik o‘rni bilan alohida ajralib turadi.
Tyanszin shahrida joylashgan ushbu port Xitoyning uchinchi yirik dengiz darvozasi hisoblanadi. U Bo‘hay ko‘rfazining janubiy sohilida joylashgan. Bu port Shimoliy Xitoy, xususan, Pekin va Xebey provinsiyasi uchun dengizga chiqishdagi asosiy yo‘nalishdir.
Bo‘hay iqtisodiy kamaridagi barcha yirik sanoat hududlari Tyanszin porti orqali mahsulotlarini eksport qiladi.
Port temir yo‘l, avtomagistral va havo transporti bilan samarali bog‘langan. Bu yuklarni tez va kam xarajat bilan ichki bozorlarga tarqatish imkonini beradi.
– Bugungi kunda bir yuz saksondan ortiq mamlakat va mintaqalardagi besh yuzdan ziyod port bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘langanmiz, – deydi Tyanszin porti terminal menejeri Tian Yilang. – Bu “aqlli texnologiya” konsepsiyasi asosida ishlayotgan Xitoydagi ilk portlardan biri. Tashish, konteynerlarni harakatlantirish, yuklash va nazorat jarayonlari avtomatlashtirilgan. Bunda sun’iy intellekt imkoniyatlari keng qo‘llaniladi. Port nafaqat yuk tashish hajmi bilan, balki aqlli boshqaruvga ixtisoslashganligi bo‘yicha ham ajralib turadi.
Ta’kidlanishicha, bu yerdagi avtomatlashtirilgan konteyner terminallar ishchilarsiz ham faoliyat yuritishi mumkin. Mutaxassislar bu “yashil” hamda “aqlli” tajriba kelajakda boshqa Xitoy portlari uchun namuna sifatida xizmat qilishini aytishmoqda.
Tyanszin porti “Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusining muhim logistik halqasidir. U orqali Osiyodan Yevropa va Markaziy Osiyoga yuklar jo‘natiladi. Qozog‘iston, O‘zbekiston, Rossiya, Eron kabi davlatlardan keladigan tranzit yuklar ham aynan shu yer orqali jahon bozorlariga chiqmoqda.
Ikrom AVVALBOEV,
Yoqubjon MELIBOEV(video),
O‘zA muxbirlari