17 aprel kuni Shvetsiyaning Stokgolm shahrida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Demokratiya va saylovlarga ko‘maklashish xalqaro instituti (International IDEA) bosh kotibi Kevin Kasas-Zamora bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Sodiq Safoyev Kevin Kasas-Zamorani O‘zbekistonda so‘nggi yillarda saylov qonunchiligini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan islohotlar hamda umumxalq referendumi uchun e’lon qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan yaqindan tanishtirdi.

Jumladan, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar, birinchi navbatda, inson huquqi va qadr-qimmatini himoya qilish kafolatlari, uning ijtimoiy himoyasi va iqtisodiy farovonligi mustahkamlanadigan Yangi O‘zbekiston qurilishiga qaratilganligi qayd etildi.
Eng muhim o‘zgartirishlar qatorida o‘lim jazosini taqiqlash, «Miranda qoidasi»ni qo‘llash, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining huquqlarini kafolatlash, «Xabeas korpus» institutini aks ettirish va boshqalarga e’tibor qaratilayotgani alohida e’tirof etildi.

Shu bilan birga, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyevalar tomonidan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali fuqarolarning mehnat, ijtimoiy va ekologik huquqlarini, shu jumladan, aholining ehtiyojmand qatlamlari huquqlarini konstitutsiyaviy jihatdan kafolatlashni kuchaytirishga, inson va fuqaroning shaxsiy huquqlari hamda erkinliklarini kafolatlashga alohida e’tibor qaratilganligi aytib o‘tildi.
O‘z navbatida, Demokratiya va saylovlarga ko‘maklashish xalqaro instituti bosh kotibi Kevin Kasas-Zamora keng jamoatchilik muhokamasi natijasida ishlab chiqilgan va mamlakatda demokratiya hamda kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yordam beradigan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarni mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Muzokaralar yakunida demokratik institutlarni rivojlantirish sohasida tizimli tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, saylovlarni tashkil etishda shaffoflik, hisobdorlik va samaradorlikni ta’minlash, shuningdek, yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq O‘zbekiston qonunchiligini uyg‘unlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishda hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Demokratiya va saylovlarga ko‘maklashish xalqaro instituti 1995 yilda tashkil etilgan. U demokratik institutlar va saylov tartib-taomillarini qo‘llab-quvvatlash hamda mustahkamlash sohasida faoliyat yurituvchi hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. Institut, asosan saylov jarayonlari, konstitutsiyaviy qurilishda yordam berish bilan shug‘ullanadi, shuningdek, BMTda kuzatuvchi maqomiga ham ega.
Shahnoza TOSHTEMIROVA,
O‘zA