Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Demokratik ijtimoiy davlat barpo etish – bosh maqsad
21:31 / 2023-04-06

Munosabat

O‘zbekistonda “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini yangi “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirib, konstitutsiyaviy qonunchilik va amaliyotda mustahkamlash, eng avvalo, inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yish maqsad qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 7 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligiga bag‘ishlangan nutqida “Hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat”, degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi” deb ta’kidlagandi.

Qayd etish lozimki, ijtimoiy davlat – sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muhtojlarni uy-joy bilan ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan davlat modelidir.

Ahamiyatlisi, mamlakatimizda oxirgi besh-olti yilda ijtimoiy davlatning asosiy talablari amalda qo‘llanildi.

Birinchidan, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi va 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida aynan ijtimoiy sohani rivojlantirish, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish masalalari ustuvor vazifalar etib beligilandi.

Ikkinchidan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashkil etildi, “Monomarkaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tashkil etildi, ishlayotgan pensionerga yuz foiz pensiya to‘lashga o‘tildi. 2022 yil – “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deya nomlandi, Aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi va mamlakatda kambag‘allik muammosi tan olindi. Har bir aholi punktlarida (mahallalarda) kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadini oshirish uchun mas’ul bo‘lgan hokim yordamchilari lavozimi joriy etildi. Eng muhimi, aholiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi.

Uchinchidan, ijtimoiy davlatga mos bo‘lgan ta’lim va tibbiyot sohalariga alohida e’tibor qaratildi. “Ta’lim uchun investitsiya – buyuk kelajakka sarmoya” shiori ostida uzluksiz ta’lim tizimini muntazam takomillashtirib borish, sifatli ta’lim-tarbiya berish, malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirildi. Buning natijasida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27,7 foizdan 67 foizga, maktablardagi malakali oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ulushi 81,8 foizdan 87,8 foizga yetkazildi. 11 yillik majburiy maktab ta’limi qayta tiklandi, maktab o‘qituvchilarining ish yuklamasi maqbullashtirildi va majburiy mehnatga barham berildi, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshirildi.

Sog‘liqni saqlash sohasida byudjetdan ajratilgan mablag‘lar 7,3 trillion so‘mdan 24,7 trillion so‘mga, shifokorlarning o‘rtacha oylik maoshi 1131,2 ming so‘mdan 3282,7 ming so‘mga, hamshiralar maoshi 692,1 ming so‘mdan 2008,6 ming so‘mga, dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun byudjetdan ajratilgan mablag‘lar 0,4 trillion so‘mdan 1,8 trillion so‘mga, tibbiyot sohasidagi OTMlar soni 7 tadan 9 taga, xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 4 000 tadan 7 049 taga yetkazildi. Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etishning asosi yaratildi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb e’lon qilinmoqda. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ortmoqda.

 “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlanmoqda, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bor shaxslar va keksa avlod vakillari huquqlarini ishonchli muhofaza qilish, fuqarolarning ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash, fuqarolar tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan olishga haqliligi kabi qo‘shimchalar konstitutsiya loyihasiga kiritilmoqda.

Natijada inson va fuqarolarning Konstitutsiyaviy normalar orqali kafolatgan ijtimoiy-iqtisodiy huquqi va erkinligi, o‘z navbatida, mos ravishda davlatning tegishli majburiyati bilan mustahkamlanmoqda.

 Jamshid SHARIPOV,

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi eksperti.

O‘zA