Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishni erkin saylovlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi
17:36 / 2024-08-08

Barchamizga ma’lumki, joriy yil 27 oktyabr mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – parlament va mahalliy vakillik organlariga saylov bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan 26 iyuldan boshlab saylov kampaniyasiga start berildi. Yuridik fanlari doktori, professor Ahror Xudoyberdiyevning ushbu saylovga tayyorgarlik ishlari hamda aralash saylov tizimi xususidagi fikrlari bilan qiziqdik.

– O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2024 yilgi Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari kengashlariga saylov kampaniyasi boshlanganini e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligiga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga deputatlar saylovi 2024 yil 27 oktyabrda o‘tkaziladi. Qayd etish kerakki, ushbu saylovlar Konstitutsiyamizda belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tkazilayotgani alohida ahamiyat kasb etadi.

Demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishni erkin saylovlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shunday ekan, saylovlar demokratik huquqiy davlatning muhim belgilaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan mazkur saylovlarning «Mening tanlovim – obod Vatanim» shiori ostida o‘tkazilishi ham bejiz emas. Bu shior g‘oyaviy kurash va kuchli raqobat fonida barcha fuqarolarni birlashtiruvchi kuch sifatida maydonga chiqadi.

Mamlakatimizda 2023 yil 18 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi – majoritar va proporsional asosda o‘tkazish belgilab qo‘yildi.

Ma’lumki, xalqaro tajribada saylov tizimining majoritar, proporsional va aralash turlari mavjud. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: aralash saylov tizimining o‘zi nima? Mazkur saylov tizimi bir vaqtda ham majoritar, ham proporsional saylov tizimini o‘zida mujassam etadi. Hozirgi kunda Belgiya, Vengriya, Janubiy Koreya, Germaniya va Ispaniya kabi davlatlardagi saylovlar ushbu tizim asosida o‘tkaziladi.

Majoritar saylov tizimida vakillik organi hisoblangan parlamentni shakllantirishda saylovchilarning har bir berilgan ovozi emas, balki g‘olib bo‘lgan nomzodga berilgan ovozlari inobatga olinadi. Ya’ni, g‘olib bo‘lgan nomzodni saylagan fuqarolarning xohish-irodasi asosida vakillik organlari shakllantiriladi.

Proporsional saylov tizimida esa saylovchilar aniq bir shaxsga emas, balki siyosiy partiyalarga ovoz beradi va deputatlik o‘rinlari partiyalar olgan ovozlarga mutanosib ravishda taqsimlanadi.

Milliy qonunchilikka ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatlarining 50 foizi, ya’ni 75 nafari odatdagidek mojaritar saylov tizimiga muvofiq bir mandatli saylov okruglaridan saylanadi. Qolgan 50 foizi, ya’ni 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida yagona saylov okrugida partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar ro‘yxati (partiya ro‘yxati) bo‘yicha saylanadi.

Aralash saylov tizimi afzalliklari quyidagilar: birinchidan, aralash saylov tizimi siyosiy partiyalarning g‘oyaviy dasturlari o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi, ikkinchidan, har bir saylovchining ovozi muhimligi ta’minlanadi va ushbu holat deputatlik o‘rinlarini shakllantirishda inobatga olinadi. Uchinchidan, siyosiy partiyalarning mavqeyini yanada oshirishga xizmat qiladi, to‘rtinchidan, saylov kampaniyasi xarajatlarini optimallashtirilishiga olib keladi va boshqalar.

Shu bilan bir qatorda, aralash saylov tizimi proporsional tizimning umumiy afzalliklarini saqlab qolgan holda, saylangan deputatlar va saylovchilar o‘rtasidagi aloqani ta’minlash hamda majoritar saylovda muvaffaqiyat qozona olmagan partiyalarga ham o‘zlari olgan ovozlarga mutanosib deputatlik mandatlarini qo‘lga kiritish imkoniyatini beradigan tizimidir.

Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.

O‘zA