Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Demografiya va taraqqiyot: Markaziy Osiyo uchun inson kapitaliga investitsiya nega muhim?
14:48 / 2025-12-17

Ekspertlar fikricha, Markaziy Osiyoda kelgusi o‘n yilliklarda mintaqaning iqtisodiy va ijtimoiy kelajagini shakllantiradigan chuqur demografik o‘zgarishlar yuz bermoqda. BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNICYeF) tomonidan tayyorlangan “Generation 2050 in Central Asia” hisobotida Markaziy Osiyoga “o‘sib borayotgan yosh mintaqa” deya ta’rif berilgan. Bunga asoslar yetarli, albatta. Sababi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston aholisining yarmidan ko‘pi hozirda 30 yoshgacha. Ikkinchi asos shuki, mehnatga layoqatli aholi ulushining ortishi iqtisodiy o‘sishni tezlashtirishga olib kelishi mumkin. Bu shubhasiz “demografik dividend” olish uchun noyob imkoniyat yaratadi, biroq bu imkoniyatdan faqat inson kapitaliga katta miqdorda investitsiyalar kiritish orqali foydalanish mumkin bo‘ladi.

Darhaqiqat, global aholining qarishi sharoitida Markaziy Osiyo sayyoramizdagi eng yosh mintaqalardan biri bo‘lib qolmoqda. Statistikaga ko‘ra, Tojikistonda o‘rtacha yosh 22, Qirg‘izistonda 25 va O‘zbekistonda 27 yoshni tashkil etadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hatto 2050 yilga kelib bu ko‘rsatkichlar nisbatan past bo‘lib qolar ekan. Bu iqtisodiy o‘sish uchun imkoniyatlar eshigini kengaytiradi. Qolaversa, mintaqa aholisi o‘sishdan to‘xtagani yo‘q, u davom etmoqda. Masalan, 2000 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari jami aholisi 56 million edi,  2025 yilga kelib bu ko‘rsatgich 84 milliondan oshdi va asrning o‘rtalarida qariyb 112 millionga yetishi kutilmoqda. 

Tahlillarga ko‘ra, mintaqada reproduktiv yoshdagi ayollar soni ham ortib bormoqda, ular asta-sekin kamayib borayotganiga qaramay, tug‘ilish darajasi barqarorligini saqlab qolmoqda. Bunday sharoitda inson kapitaliga investitsiya kiritish mintaqa taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Shu sababli ham hisobotda ta’lim, sog‘liqni saqlash va yosh avlod uchun ko‘nikmalarni rivojlantirishga investitsiyalar kiritishga chaqirilgan. 

– Agar yoshlarga qaratilgan investitsiyalar turg‘un bo‘lib qolsa, mintaqa ishsizlikning oshishi, tengsizlikning kengayishi va iqtisodiy salohiyatning yo‘qolishi xavfi ostida qolishi mumkin, -deyiladi hisobotda.

Bugungi kunda Markaziy Osiyoda mehnatga layoqatli har 100 kishiga taxminan 60 nafar boqimanda kishi to‘g‘ri keladi – bu tarixan past ko‘rsatkich bo‘lib, 2040 yildan keyin aholining qarishi tufayli o‘sa boshlaydi. 

– Bu keyingi 10-15 yil juda muhim ekanligini anglatadi, -deydi hisobot mualliflari. – Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlari hozir modernizatsiya qilinmasa, u holda iqtisodiy o‘sish o‘nlab yillar davomida cheklanishi mumkin.

Migratsiya masalasi ham mintaqa mamlakatlarining og‘riqli muammolaridan biri sifatida qayd etilgan. Hozirda Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning minglab aholisi xorijda mehnat faoliyatini olib bormoqda va ularning farzandlari ota-onalaridan alohida ulg‘ayishga majbur. Tabiiyki, bu ularning hissiy farovonligiga, o‘qishdagi natijalariga va ijtimoiy moslashuviga qaysidir ma’noda ta’sir qiladi. Qolaversa, kelgusi yillarda ko‘plab migrantlar pensiya yoshida uylariga qaytadilar, bu ham ijtimoiy xizmatlarga yuk oshadi degani.

Xo‘sh bunday sharoitda shaharlar kelajagi qanday bo‘ladi? Bu imkoniyatmi yoki xavf?

Tahlilchilar hisobiga ko‘ra, asrimizning o‘rtalariga kelib, mintaqa aholisining 60,5 foizi shaharlarda yashar ekan. Ammo infratuzilmani rivojlantirish sur’ati — suv ta’minoti, sanitariya, transport va sog‘liqni saqlash tizimlari hali shaharlarning o‘sishiga moslasha olmayapti. 

– Bu ayniqsa, tez rivojlanayotgan Toshkent, Dushanbe va Bishkek hududlarida keskin seziladi, -deydi ekspertlar. – Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi ham vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Qurg‘oqchilik, muzliklarning erta erishi va ayrim hududlarda suv tanqisligi allaqachon aholining ko‘chishiga va shahar hududlariga bosimning kuchayishiga olib kelmoqda. 

Mutaxassislar kelajakdagi iqtisodiy o‘sishning uchdan ikki qismi inson kapitaliga kiritilgan investitsiyalar hisobiga to‘g‘ri kelishini ta’kidlamoqda. 

– Erta yoshdan boshlab sifatli ta’lim olish imkoniyatini oshirish, bolalar va o‘smirlarni zamonaviy tibbiy yordam va sog‘lom ovqatlanish bilan ta’minlash, oilalarni qo‘llab-quvvatlaydigan ijtimoiy himoya tizimlarini kengaytirish, yoshlar jumladan, qizlar va ayollar uchun bandlik va o‘quv dasturlarini keng yo‘lga qo‘yish, sanitariya va xavfsiz shahar muhitini yaratish zarur, - deydi ekspertlar. – Agar ushbu choralar amalga oshirilsa, Markaziy Osiyo 2050 yillarda mintaqani shakllantiradigan yosh, g‘ayratli va ko‘p qirrali avloddan samarali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Aytish joizki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil sentyabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqi yuqorida keltirilgan fikrlarga qanchalik hamohang ekanini ko‘rish mumkin. O‘shanda davlatimiz rahbari “Aholisining qariyb yarmi yoshlardan iborat bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yosh avlod va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq masalalar ayniqsa muhimdir” degan edi. Shuningdek, Sh.Mirziyoyev mintaqamizda yoshlar taraqqiyotini rag‘batlantirish bo‘yicha ishchi guruh tuzishni taklif qilib, “Markaziy Osiyo yoshlar kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiq ekanligini ta’kidlagan edi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz har gal xalqaro minbarlarda so‘zlagan nutqlarida yoshlar masalalariga alohida to‘xtaladi. Mamlakatimiz yoshlari bilan ham tez-tez uchrashib, ularning orzu-umidlari, rejalari, muammolarini bilgisi keladi hamda ular bilan ochiq muloqotlar olib boradi. Bularning barchasi – diyorimizda yosh avlodni kamol toptirish, ularni davlatimizning ongli, yetuk fuqarosi qilib voyaga yetkazish o‘lkamizda olib borilayotgan oqilona siyosatning muhim yo‘nalishi ekanini yana bir bor isbotlaydi.

Saidmurod Rahimov tayyorladi, 

O‘zA