9-10 yanvar kunlari Jeneva shahrida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi iqlim bo‘yicha barqaror Pokiston mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
BMT shafeligida o‘tgan anjumanda ushbu tuzilma Bosh kotibi A.Guterrish, Pokiston Bosh vaziri Sh.Sharif, BAA atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri M.Mheiriy, Qatar tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri Sulton bin Saad Al-Mureyhiy, Shveysariya Federal tashqi ishlar departamenti rahbari I.Kassis, shuningdek, Gretsiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya delegatsiyalari, xalqaro va mintaqaviy moliya institutlari vakillari qatnashdi.
Gibrid shaklda tashkil etilgan tadbir ochilishida Yevropa komissiyasi prezidenti U.fon der Lyayen, Fransiya rahbari E.Makron, Turkiya Prezidenti R.Erdog‘an, Norvegiya Bosh vaziri J.Styore so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari B.Saidov, o‘z nutqida, tabiiy ofatlardan jabr ko‘rgan aholini qo‘llab-quvvatlash, talafot ko‘rgan infratuzilma va qishloq xo‘jaligini tiklash masalalariga e’tibor qaratdi.
Forum ishtirokchilariga respublikamizda amalga oshirilayotgan ekologik dasturlar, xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yashil makon” tashabbusi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Orol dengizi qurishi muammosiga alohida to‘xtalar ekan, TIV rahbari mamlakatimizda ekologik ofat oqibatlarini yumshatish, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar xususida gapirdi.
B.Saidov, shuningdek, tashrif davomida BMT Bosh kotibi, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri, ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri, Qatar tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri, Birlashgan Arab Amirliklari atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri, Islom taraqqiyot banki prezidenti va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki vitse-prezidenti bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
O‘zA