O‘zbekistonda homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi. Mazkur tizim bevosita xususiy sektorda ishlaydigan ayollar uchun ham yengillik beradi.
Xuddi shu mavzuda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Dilshodxon Muhamedjonova bilansuhbatlashdik.
— Yangi tartibga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi kimlarga to‘lanadi?
– So‘nggi ikki yilda aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etib, odamlarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha aniq natijalarga erishayapmiz. Jumladan, kambag‘allik darajasi o‘tgan davrda qariyb 2,5 barobar (6 milliondan 2,6 million nafarga), nafaqa oluvchilar soni 3 karra (2,1 million oiladan 700 mingga) qisqardi. Birgina, o‘tgan yili boshlangan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi orqali 237 ming oila kambag‘allikdan chiqarildi.
Lekin, endi oyoqqa turgan aholini qayta kambag‘allikka tushib qolish xavfi bilan kurashish uchun hozircha yetarli zamin yarata olganimiz yo‘q. Masalan, har yili xususiy sektorda ishlayotgan 355 mingga yaqin fuqarolar betob bo‘lib, ishga chiqmagan vaqtida daromadsiz qolayapti.
Bundan tashqari, 150 mingdan ziyod ayollarga dekret ta’tilida bo‘lish vaqtida nafaqa to‘lanmayapti. Shuning o‘zidan ishlovchi ayollar orasida kambag‘allikka tushganlar ulushi 12,5 foizni tashkil etgan. Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 noyabrdagi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va to‘lash tizimini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga asosan 2026 yildan boshlab ijtimoiy sug‘urtaning yangi tizimi joriy etilmoqda. Yangi tizim joriy etilishidan asosiy uchta maqsad ko‘zlangan.
Birinchisi, xususiy sektorda ishlovchi xodimlarni og‘ir hayotiy (kasallik, homiladorlik) vaziyatlarda daromadsiz qolishi va kambag‘al bo‘lishining oldini olish. Shu paytgacha, ushbu to‘lovlar ish beruvchilar zimmasiga yuklangani sababli barcha xodim ham bu nafaqalarni ololmagan. Amalda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 64 foiz holatda mehnatga layoqatsizlik va 76 foiz holatda dekret nafaqasi to‘lab berilmagan. Misol uchun, 2024 yilda 166 ming (18 foiz) dekret varaqalari ochilgan bo‘lib, shundan byudjet tashkilotlarida ishlovchi 118 ming ayolga (100 foiz) dekret nafaqasi to‘liq to‘langan, xususiy sektorda ishlagan atigi 15,3 mingtasiga (32 foiz) dekret nafaqasi qoplab berilgan.
Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy ta’minotning minimal normalari to‘g‘risida”gi 102-son va “Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 183-son Konvensiyalariga muvofiq dekret va bolnichnыy nafaqalari ish beruvchilar zimmasiga yuklanmasligi va ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari orqali to‘lanishi belgilangan.
Ikkinchisi, tadbirkorlar zimmasidan ijtimoiy to‘lovlar yukini kamaytirish. Statistik hisobotlarga ko‘ra 3 mingdan ortiq korxona tomonidan 1 trillion so‘mlik homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari to‘langan. Yangi tizim joriy etilishi natijasida tadbirkorlar o‘z mablag‘larini biznesini rivojlantirishga sarmoya qilishi mumkin.
Homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari xodimlarning rasmiy bandlik orqali qo‘shgan hissasiga qarab hisoblanadi va tayinlanadi. Bunda ushbu nafaqalarning miqdori fuqaroning sug‘urta stajiga mutanosib ravishda belgilanadi. Jamg‘arma tomonidan 2023 yil 1 yanvardan xususiy sektordagi ayollarga dekret nafaqasining minimal miqdori (minimal iste’mol xarajatining 4 baravari yoki 2,7 mln. so‘m) qoplanmoqda. O‘rtacha ish haqidan (5,2 mln. so‘m) kelib chiqib dekret nafaqasi 20,7 million so‘mni tashkil etsa, uning 13 foizi (2,7 mln) Jamg‘arma hisobidan qoplanib, qolgan 87 foizi (18 mln) tadbirkor zimmasida qolmoqda. Byudjetdan qoplab berilayotgan dekret nafaqasi miqdori (2,7 mln. so‘m) kamligi sababli tadbirkorlar uchun ushbu tizim jozibador emas.
Endilikda Prezidentimizning 2025 yil 3 noyabrdagi PF-206-son farmoniga asosan rasmiy band bo‘lgan shaxslarga dekret va mehnatga layoqatsizlik to‘lovlarini fuqarolar murojaati talab etilmagan holda (proaktiv shaklda) Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali bosqichma-bosqich to‘lash ko‘zda tutilmoqda. Bunda, Jamg‘arma tomonidan 2026 yil 1 yanvardan boshlab ayollarga dekret nafaqasi to‘lanadi. Xalqaro mehnat tashkilotiga a’zo bo‘lgan 187 ta davlatning 170 tasida ijtimoiy sug‘urta tizimi joriy etilgan bo‘lib, shundan 140 tasida dekret nafaqasi qamrab olingan. 2026 yil 1 apreldan boshlab shaxslarga bolnichnыy nafaqasi to‘lanadi. 2030 yil 1 yanvardan boshlab esa ishdash bo‘shatish nafaqasini to‘lash bo‘yicha takliflar kiritiladi.
Shuningdek, dekret va mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini xodimlarning rasmiy bandlik orqali qo‘shgan hissasiga qarab hisoblash va tayinlash. Bunda ushbu nafaqalarning miqdori fuqaroning ish (sug‘urta) stajiga mutanosib ravishda belgilanadi.
Aholini sug‘urtalash Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan quyidagi tartibda amalga oshiriladi. Majburiy asosda – mehnat shartnomasi bo‘yicha band xodimlar, ixtiyoriy asosda – yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘zini-o‘zi band qilgan, dehqon xo‘jaligi va tomorqada ishlovchilar, chet elda yollanib ishlaydigan fuqarolar.
Bu Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yuklatilgan. Hozirda tizimning shaffofligini ta’minlash maqsadida nafaqalarni raqamli tarzda tayinlash bo‘yicha Agentlikning axborot tizimida “Ijtimoiy sug‘urta” moduli ishlab chiqilmoqda. Shunga e’tibor qaratish lozimki, fuqarolarning murojaati talab etilmagan holda mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilishi bilan avtomatik tayinlanadigan tizim yo‘lga qo‘yiladi.
–Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish tartibi qanday?
–Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish uchun ayolning rasmiy ish joyi bo‘lishi va ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart. Shuningdek, mehnatga layoqatsizlik (dekret) varaqasi tibbiy muassasa tomonidan rasmiy tarzda berilgan bo‘lishi zarur.
–Xususiy sektorda ishlayotgan ayollar nafaqani qanday tartibda olishadi?
–2026 yildan boshlab xususiy sektorda ishlovchi ayollarga nafaqa Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan proaktiv tarzda to‘lanadi. Ya’ni, ayol alohida ariza topshirmaydi — dekret varaqasi elektron tarzda rasmiylashishi bilan to‘lov avtomatik ravishda tayinlanadi.
–Mehnatga layoqatsizlik varaqasi bo‘yicha nafaqalar qanday ahamiyatga ega?
– Mehnatga layoqatsizlik nafaqasi xodim kasallik yoki jarohat sabab ishga chiqolmagan kunlarida daromadsiz qolmasligi uchun to‘lanadi. Bu nafaqa 2026 yil 1 apreldan boshlab rasmiy ishlovchilarning barchasiga jamg‘arma tomonidan qoplab beriladi.
–Yangi ijtimoiy sug‘urta tizimida nafaqa to‘lovi qanday mexanizm orqali amalga oshiriladi?
–Tizim to‘liq raqamlashtiriladi. Tibbiy muassasalardan kelgan ma’lumotlar Ijtimoiy sug‘urta axborot tizimiga tushadi va xodimning sug‘urta staji, ish haqi va ish davri asosida nafaqa hisoblanadi. To‘lov bevosita xodimning kartasiga o‘tkaziladi.
–Homiladorlik va tug‘ish ta’tili qancha kun davom etadi va uning to‘lovi qanday hisoblanadi?
–Dekret ta’tili umumiy hisobda 126 kun (70 kungacha — tug‘ishdan oldin, 56 kun — tug‘ishdan keyin). Nafaqa miqdori xodimning so‘nggi 12 oylik rasmiy ish haqi bo‘yicha o‘rtacha kunlik daromadiga qarab hisoblanadi. Sug‘urta staji oshgan sari to‘lov miqdori ham yuqori bo‘ladi.
–Yangi tartib xususiy sektorda ishlaydigan ayollar uchun qanchalik manfatli?
–Xabaringiz bor, ilgari xususiy sektorda ishlayotgan ayollarning 70–75 foiziga dekret nafaqasi umuman to‘lanmas edi. Yangi tizimda esa to‘lov ish beruvchi zimmasidan olib tashlanadi. Endi davlat tomonidan kafolatlangan holda amalga oshiriladi. Bu ayollarni daromadsiz qolishdan muhofaza qiladi.
–Nafaqa olish jarayonida ish beruvchi va ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining roli qanday?
–Ish beruvchi xodimning rasmiy bandligi va ish haqi bo‘yicha ma’lumotlarni tizimga kiritadi. Jamg‘arma nafaqani hisoblaydi, tasdiqlaydi va to‘lovni amalga oshiradi. Ya’ni, to‘lovlar davlat tizimi orqali yuritiladi, ish beruvchiga moliyaviy yuk qolmaydi.
–Qanday hollarda nafaqa miqdori 100 foizga yaqinlashishi mumkin?
–Agar xodimning sug‘urta staji uzoq bo‘lsa (masalan, 10 yil va undan ortiq) hamda oylik rasmiy daromadi to‘liq ko‘rsatilgan bo‘lsa, nafaqa miqdori uning o‘rtacha oylik ish haqining deyarli 100 foiziga yaqin miqdorda tayinlanishi mumkin.
– Endi uy bekalariga ham dekret puli beriladimi?
– Ha, agar uy bekasi ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urtaga ulansa va har oy belgilangan sug‘urta badalini to‘lab borsa, u ham rasmiy ishlovchilar bilan bir xil sharoitda dekret puli olishi mumkin. Bu 2026 yildan joriy etiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Q_GUsvpeFK4" title="Dekret puli berish bo‘yicha yangi tartib: qanday yengilliklar nazarda tutilmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
Doniyor Yoqubov (video), O‘zA