Dekabr oyida Niderlandiyada Oʻzbekiston agrar sektori salohiyatiga bagʻishlangan seminar oʻtkaziladi
Seminar jahonda goʻsht-sut mahsulotlarini yetishtirishda lokomotiv hisoblanadigan Niderlandiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan aloqa oʻrnatish, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotini chiqarish uchun moʻljallangan xom ashyoni qayta ishlashda qoʻllanayotgan innovatsion texnologiyalar bilan tanishish imkonini beradi.
2018-yilning 11-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining Beniluks davlatlaridagi Elchixonasida Niderlandiya Qishloq xoʻjaligi, tabiatni asrash va oziq-ovqat sifati vazirligi bilan birgalikda Almer shahrida mamlakatimizning agrar oziq-ovqat sektori imkoniyatlariga bagʻishlangan seminar tashkil etiladi. Bu haqida Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda taʼkidlanishicha, seminarning maqsadi agrar oziq-ovqat sektorida faoliyat olib borayotgan kishilarga Oʻzbekistondagi voqealar va imkoniyatlar toʻgʻrisida maʼlumot berish. Bundan tashqari Qishloq xoʻjaligi, tabiatni asrash va oziq-ovqat sifati vazirligi rejalari, Gollandiya qishloq xoʻjaligi savdo missiyasini 2019-yil martda Toshkent shahriga joʻnatish va 2019-yil iyunda Oʻzbekiston poytaxtidagi eng muhim qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasida Gollandiya pavilonini tashkil etish toʻgʻrisida seminar ishtirokchilari xabardor qilinadi.
Oʻzbekiston Elchixonasining ishonishicha, mazkur seminarda ishtirok etish nafaqat qishloq xoʻjaligi, tashqi savdo vazirliklari, mamlakatimiz mintaqalari rahbarlari, qolaversa agrobiznes vakillariga ham foydali boʻladi.Seminar jahonda goʻsht-sut mahsulotlarini yetishtirishda lokomotiv hisoblanadigan Niderlandiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan aloqa oʻrnatish, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotini chiqarish uchun moʻljallangan xom ashyoni qayta ishlashda qoʻllanayotgan innovatsion texnologiyalar bilan tanishish imkonini beradi, deyiladi xabarda.