Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dehqonobodlik onalarning orzusi ushaldi
17:30 / 2024-02-02

Urgut tumanining Dehqonobod mahallasida bugungi kunda 1328 xonadonda 7560 aholi istiqomat qiladi. Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar 661 nafarni tashkil etadi. Mahalladagi onalar farzandlarining zamon talablariga mos sharoitda ta’lim-tarbiya olishini istaydi. Ularning istagi qisman bo‘lsa-da amalga oshdi.

Mahalladagi 30-davlat maktabagacha ta’lim tashkiloti yangidan bunyod etilib, uning qamrovi mavjud 50 o‘rindan 120 o‘ringa oshirildi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 dekabrdagi “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida investitsiya dasturi bo‘yicha mahalladagi 50 o‘rinli moslashtirilgan binoda faoliyat yuritgan 30-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 4 milliard 423 million so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga qayta bunyod etilib, zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotining quvvati 120 o‘ringa yetkazildi. “BIG STORY BUILDING” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa fursatda qurib foydalanishga topshirilgan muassasada bolajonlar uchun barcha qulaylik yaratilgan.

[gallery-15749]

– Eski binomiz moslashtirilgan bo‘lganligi, shuningdek sig‘imining kamligi doim muammoli vaziyatlarni keltirib chiqarardi, – deydi 30-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Mavsuma Ahmedova. – Yangi binomizda to‘rtta guruhning har biriga alohida xonalar mavjud bo‘lib, mashg‘ulotlar va dam olish uchun barcha qulaylikka ega. Musiqa zali va oshxonamiz ham zamon talablariga to‘liq javob beradi. Umuman olganda, bugungi kun talabiga mos ta’lim-tarbiya berish uchun zarur imkoniyatlar yaratildi. 

Muassasaning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimi Botir Jabborov ishtirok etib, yurtimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi. 

– Barchamiz farzand va nabiralarimiz zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya olishini orzu qilamiz, – deydi mahallada yashovchi Narzitosh Tugalova. – Bugun orzuimiz amalga oshib, mahallamizdagi eski bog‘cha o‘rnida yangi muassasa ish boshladi. Biz onalar bundan juda xursandmiz. To‘g‘ri, hududimizda zamonaviy sharoitlarga ega 1 ta nodavlat, 3 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Lekin bog‘chaga boradigan bolalar ham ko‘p va bunday muassasalar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi.
Shuningdek, bugun tumanning Jo‘rabtepa mahallasida 100 o‘rinli, chegaraoldi hudud hisoblangan Choshtepa mahallasida 60 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham foydalanishga topshirildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari