Jurnalistik surishtiruv
Yaqinda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi tog‘li qishloqlardan birida o‘quvchilar qarovsiz uyda ta’lim olayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat turli e’tiroz va savollarni ham keltirib chiqardi.
O‘quvchilar haqiqatdan ham yetarli shart-sharoitlar mavjud bo‘lmagan xonadonda o‘qitilganmi, degan savolga aniqlik kiritish maqsadida hodisa joyiga borib, holatni o‘rgandik.
Ma’lum bo‘lishicha, tumanning Shakarbuloq qishlog‘i olis tog‘li hududda joylashgan bo‘lib, ushbu hududdagi 80-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida 150 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil oladi.
Dastlab ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ko‘rilgan, o‘quvchilar o‘qitilgan qarovsiz uy mahalliy aholi vakili yordamida topildi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, eski bino yopilganidan so‘ng, taxminan bir hafta davomida ushbu uyda o‘quvlar o‘tkazilgan.
Mazkur uy va uning atrofidagi holat juda achinarli va qarovsiz, bu yerda anchadan buyon odam yashamagani yaqqol ko‘rinib turibdi. Uy eshigiga eski qulf osilgan. Maktab rahbariyati ishtirokida qulfni ochib, ichkariga kirdik. Bitta kichik koridor va uchta xona mavjud. Burjuyka pechlar o‘rnatilgan, lekin parta va doskalar allaqachon olib chiqib ketilgan. Xonalar bolalarga ta’lim berish uchun mutlaqo talabga javob bermaydi.
Ushbu uyda dars o‘tilgan yoki o‘tilmagani haqida maktab rahbari Rajab Abrayevga yuzlandik. Uning ta’kidlashicha, uyda bor yo‘g‘i bir kun, bir soatlik dars tashkil qilingan.
Demak, umuman dars o‘tilmagan, degan iddaolar o‘rinsiz, bir kun bo‘lsa ham dars o‘tilgan. Yuqorida aholi vakili bir haftaga yaqin muddatda ta’lim berilganini qo‘shimcha qilgandi.
Nega bunday qarorga kelingani bilan qiziqdik? Bu holatni R.Abrayev quyidagicha izohladi.
[gallery-27494]
– Maktabimizning asosiy binosi o‘tgan asrning 80-yillarida qurilgan bo‘lib, hozirda ancha eskirgan. Qo‘shimcha binomiz 2015 yilda qurilgan, – deydi maktab rahbari. – Joriy yilning 18 yanvar sanasigacha mana shu ikkita binoda o‘quvchilarga ta’lim berib keldik. Yangi binoda to‘rtta, eski binoda 10 ta sinf o‘qitilar edi. Ota-onalarning murojaatiga asosan eski binoning yaroqsiz holga kelib qolgani uchun, SES xodimlari kelib, yopilish dalolatnomasi qilib ketishdi. Yangi binoda esa to‘rtta sinfxona mavjud. Umumiy 14 ta sinf bo‘lib, o‘quvchilarni 4 ta sinfga joylashtirishning iloji bo‘lmadi. Ikki smenada ham joylashtira olmadik. To‘rtta sinf joysiz qoldi. Shu bois o‘sha xonadonda ota-onalar bilan kelishgan holda darslarni tashkil qilgandik.
Kimning buyrug‘iga asosan bunday qarorga keldingiz, so‘raymiz undan
– Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘ining topshirig‘iga asosan, – deydi R.Abrayev fikrini davom ettirib. – Ota-onalar telefon orqali murojaat qilishgan. Bo‘lim boshlig‘i Bo‘riyev telefon qilib, “Menga muammo qilmasdan, aholi xonadonlari bo‘lsa ham bir joyga joylashtirib, o‘qit”, degan gaplarni aytdi. Uni ota-onalar eshitib: “Mayli, aholi xonadonlari bo‘lsa ham, farzandlarimizni o‘qiting, issiq xona bo‘lsin”, deyishdi. Bor-yo‘g‘i bir kun o‘qitdik.
Abrayevning ta’kidlashicha, hozirda o‘quvchilar Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan komplektlashtirib yangi binodagi to‘rtta sinfga joylashtirib o‘qitilmoqda. Natijada ikkita sinf o‘quvchilariga bir paytning o‘zida, bitta xonada ikki nafar o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Achinarlisi hudud aholisining asosiy qismi tojik millatiga mansub bo‘lgani bois ta’lim ikki tilda: tojik va o‘zbek tillarida olib boriladi. Bu esa ta’lim jarayonini yanada murakkablashtirmoqda.
Shundan so‘ng ayni paytda yopib qo‘yilgan, bir paytlar hashar yo‘li bilan qurilgan eski maktab binosini aylandik. Yog‘ochlarini xalq tilida “vaxmak” deb ataluvchi chumolilar kemirib tashlagan. Poli beton va zax. Sinfxonalar qorong‘i. Isitish tizimi ishlamaydi. Hozircha kutubxona sifatida foydalanilayotgan xonada kitoblar sochilib yotibdi. O‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi, sport mashg‘ulotlarini olib borishi uchun yetarlicha sharoitga ega emas. Ularga nafaqat qo‘shimcha bino, balki sport zali, ochiq stadion, shinam kutubxona, laboratoriya xonalari ham juda zarur.
Ushbu masala yuzasidan dastlab tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbaridan izoh so‘radik.
– 2025 yil dekabr oyidan boshlab tumanimizdagi 80-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quv-tarbiya ishlarini olib borish uchun noqulay sharoitlar mavjudligi bo‘yicha fuqarolar tomonidan murojaatlar qilingan, – deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Berdi Bo‘riyev. – 2025 yil 23 dekabr kuni tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga ham murojaat qilingan. Shundan so‘ng ushbu tashkilot tomonidan 2026 yil 15 yanvar kuni rasmiy bildirish xati taqdim etilgan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 17 yanvar kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bilan hamkorlikda joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi. Eski bino ko‘zdan kechirildi. Haqiqatdan ham ayrim kamchiliklar mavjud ekanligi aniqlandi. Shuni inobatga olgan holda, mazkur maktabning asosiy binosi 80 o‘rinli, zamonaviy tipda qurilgani hisobga olinib, maktabda mavjud 128 nafar o‘quvchini ikki smenada o‘qitish tavsiya etildi. Hozirgi kunda mazkur maktabda qurilish ishlarini olib borish masalasi ham kun tartibida turibdi. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan Dehqonobod tumanidagi mahallalar “qizil” hudud sifatida belgilanganini inobatga olgan holda 241 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Shu asosda tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini yangidan qurish ishlari rejalashtirilmoqda. Jumladan, 80-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham 120 o‘rinli yangi maktab binosini qurish, rejaga kiritilgan.
Aynan shu shov-shuvlarga sabab bo‘lgan holat – o‘sha hududda kimningdir xonadonida dars o‘tilgani bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘rimi, so‘raymiz undan.
– Yo‘q, bu yerda bitta jihatga e’tibor qaratmoqchiman. Men yuqorida ta’kidlaganimdek, 2026 yil 17 yanvar kuni maktab jamoasi va ota-onalar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda yuqori tashkilotlarning me’yoriy hujjatlariga tayanib, o‘quvchilar soni hisob-kitob qilindi. Maktabda 128 nafar o‘quvchi mavjud bo‘lgani uchun 80 o‘rinli asosiy binoda ikki navbatda o‘qitish to‘g‘risida tavsiya berilgan. Qolgan fikrlarni esa noto‘g‘ri deb hisoblayman. Sababi, men doim me’yoriy hujjatlar va qonunlar asosida ish tutib kelaman. Xonadonda o‘qitish bilan bog‘liq hech qanday buyruq bermaganman.
Shu o‘rinda yana bir savol, eski bino tuman SESning ishtirokida nega yopilgan edi?
– 1987 yilda qurilgan 80 o‘rinli eski o‘quv binoda o‘quvchilarga sanitariya talablariga zid sharoitda ta’lim berib kelingan. Fuqaroning bir necha marotaba qilgan ariza-shikoyatlari asosida tuman Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi bo‘limi tomonidan tekshiruv o‘tkazildi, – deydi Dehqonobod tumani Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi bo‘limi bolalar-o‘smirlar gigiyenasi bo‘yicha mutaxassisi Husan Abdiyev. – O‘rganishlar davomida o‘quv xonalarida sun’iy va tabiiy yoritish yetarli emasligi, isitish tizimi eski va xavfli holatda ekani, ventilyatsiya yo‘qligi, polning beton holda qolgani aniqlandi. Bu holatlar o‘quvchilar sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi qayd etildi. Shuningdek, o‘quv xonalarida bolalar me’yordan ortiq joylashtirilgani, doska bilan birinchi parta oralig‘i sanitariya qoidalariga mos kelmasligi belgilandi. Qish mavsumida is gazidan zaharlanish xavfi yuqori ekani sababli bino faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. 2026 yil 19 yanvarda qabul qilingan qarorga asosan kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar eski o‘quv binosi yopildi. O‘quv jarayon esa vaqtincha boshqa maktabda ikki smenada tashkil etildi. O‘zboshimchalik bilan moslashtirilgan uyda tashkil etilgan dars mashg‘ulotlari ham bartaraf etildi.
Eski bino yopildi. Moslashtirilgan xonadon esa umuman talabga javob bermaydi. Barcha o‘quvchilar 4 ta sinfga tiqilgan holda o‘qishga majbur. Bu holat qachongacha davom etadi? Ta’lim jarayoni esa to‘xtamasligi kerak. Qo‘shimcha o‘quv bino qachon qurib beriladi. Shu savollar bilan tuman hokimligi mutasaddilariga murojaat qildik.
– Ijtimoiy tarmoqlarda Dehqonobod tumanidagi 80-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga oid tarqalgan holat tuman hokimligi tomonidan zudlik bilan o‘rganildi, – deydi yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari Sardor Mahmudov. – O‘rganishlar natijasida maktabning eski binosi zamonaviy ta’lim talablariga javob bermasligi hamda yangi o‘quv binosi qurish zarurligi aniqlandi.
Shuningdek, o‘quv jarayoni qisqa muddat davomida moslashtirilmagan xususiy uyda tashkil etilgani tasdiqlanib, ushbu holat bo‘yicha maktab rahbariyati faoliyatiga huquqiy baho berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Ayni paytda o‘quv jarayoni sanitariya talablariga javob beradigan asosiy binoda ikki smenada tashkil etilgan.
Ma’lum qilinishicha, yangi 120 o‘rinli zamonaviy maktab binosini barpo etish bo‘yicha takliflar shakllantirilib, tegishli tashkilotlar bilan kelishuv hamda loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Yangi binoda o‘qituvchilar xonasi, kutubxona va sport zali ham nazarda tutilgan.
Barcha jarayonlar amaldagi qonunchilik va me’yoriy talablar asosida amalga oshirilib, mazkur masala tuman hokimligi tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, o‘quvchilarning zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lmagan xonadonda ta’lim olayotgani aks etgan video lavhalar va ular ortidan tarqalgan turli muhokamalarda asosiy masala kimning jazolanishi emas. Eng muhimi, hududda o‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun yetarli shart-sharoitlar mavjud emasligi masalasiga yechim topishdir.
Shu ma’noda, mas’ul idoralar tomonidan e’tiborni aybdorlarni aniqlash va jazolashga emas, balki kelajak avlodning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun zarur sharoit va qulayliklarni yaratishga, jumladan, qisqa muddatlarda qo‘shimcha o‘quv binosini barpo etish masalasiga qaratish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari