Mamlakatimizda media sohani rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish, ularning o‘zaro muloqot qilishi, tajriba almashishi, mavjud muammolarga birgalikda yechim topishi, dolzarb mavzularni muhokama qilishiga imkoniyat yaratib berish, axborot tarqatishda xolislik va haqqoniylik prinsiplariga rioya etilishini ta’minlash muhim hisoblanadi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushmaning Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamkorligida “Milliy media makonda an’ana va zamonaviylik: yutuqlar, muammolar va yechimlar” mavzusida tashkil etilgan mintaqaviy konferensiyada ham yuqoridagi masalalarga e’tibor qaratildi.
Dehqonobod kaliy zavodi majlislar zalida o‘tkazilgan mintaqaviy anjumanda Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan OAV xodimlari, internet nashrlari muharrirlari, blogerlar, mahalliy hokimlik, idora va tashkilotlarning axborot xizmatlari rahbarlari, Surxondaryo viloyatidan kelgan jurnalistlar qatnashdi.

Tadbirni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi raisi Galaviddin Yuldashov olib bordi.
Anjumanda Dehqonobod tumani hokimining o‘rinbosari Bahodir Omonov hamda “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ boshqaruvi raisi v.b. To‘lqin Zaripov ishtirok etdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda media soha rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi, bugungi anjumanning maqsadi, hozirgi davrda OAV, jurnalistlar oldida turgan muhim vazifalar, sohadagi yutuq va muammolar haqida gapirdi.
Anjumanda uyushmaning Surxondaryo viloyati bo‘limi raisi Muhiddin Abdurahmonovning “Bugungi davr va jurnalistika”, Qashqadaryodagi “Navqiron” gazetasi bosh muharriri Qursiya Ko‘ldoshevaning “Bosma nashrlarda shakllangan an’analar — zamonaviy jurnalistikaning asosi” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.

Anjuman ishtirokchilari milliy media makondagi rivojlanish tendensiyalari, davriy bosma nashrlarda shakllangan mahorat maktablari, zamonaviy jurnalistikaning muhim vazifalari, internet nashrlarining jamiyat hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati singari muhim masalalarni muhokama qilishdi.
Muloqot jarayonida Kasbi tumani “Sadoqat” gazetasi muxbiri Baxtiyor Rajabov, faxriy jurnalist Dilbar Kenjayeva va boshqalar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Konferensiya yakunida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan bir guruh jurnalistlarga a’zolik guvohnomalari taqdim etildi.
Shuningdek, o‘zining yubiley yoshini nishonlagan faxriylar hamda matbuot sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ustoz jurnalistlarga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining faxriy yorliq va sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Axborot xizmati