Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani tog‘li va qir-adirliklarda joylashgan. Hudud aholisining asosiy daromadi chorvachilikdan. Tog‘li hududlarida esa qisman bog‘dorchilik rivojlangan. Ushbu ishlar bilan asosan erkaklar mashg‘ul bo‘lgani bois, tumanda xotin-qizlar orasida ishsizlik darajasi yuqori. Shu bois tuman rahbariyatining asosiy e’tibori ayollar bandligini ta’minlashga qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil boshida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida faoliyatiga start berilgan tumandagi ilk tekstil korxonasi ham mana shu urinishlarning mahsulidir.
“Dehqonobod tekstil” korxonasi 2023 yilda tumanda amaliyotga tatbiq etilgan eng yirik loyihalardan biri sanaladi. Mazkur korxonada Turkiya texnologiyasi asosida yiliga qariyb 1,5 million dona erkaklar, ayollar va bolalar kiyim-kechaklari tayyorlanadi. Bu faoliyat ortidan esa hududdagi 500 nafar xotin-qizning doimiy ish bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu korxona “Zarafshon tekstil” korxonasi negizida barpo etilgan bo‘lib, “Zarafshon tekstil” korxonasi mamlakatimizdagi eng yirik tekstil korxonalaridan biridir. Shu vaqtga qadar ushbu korxona 10 ta hududda o‘z filiallarini ishga tushirgan. “Dehqonobod tekstil” korxonasi esa bu borada o‘n ikkinchisi bo‘ldi.
[gallery-13899]
Turkiyalik mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda korxonada oyiga 170 ming donaga yaqin ayollar va erkaklar futbolkalari tayyorlanmoqda. Ularning asosiy qismi Yevropa davlatlariga eksport qilinayotgan bo‘lsa, qolgani ichki bozorga yo‘naltirilyapti. Bu faoliyat ortidan esa 375 nafar kishining doimiy ish bilan bandligi ta’minlangan.
– Mahsulotlarimiz hozircha 6 ta Yevropa davlatiga eksport qilinmoqda, – deydi “Dehqonobod tekstil” korxonasi bosh texnologi Nejme Degermani. – Mahsulotning 80 foizdan ortiq qismi eksportga jo‘natiladi. Kelgusida faoliyatni yanada kengaytirib, ish o‘rinlarini ko‘paytirish reja qilingan. Shu maqsadda yana 175 nafar chevar uchun tikuv mashinalarini olib kelib o‘rnatdik. Ishchilarni qabul qilyapmiz. Ularni bir necha oy shu yerning o‘zida o‘qitib, tayyorlab olamiz. Maqsad – sifatli mahsulot ishlab chiqarish.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari