Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida amalga oshirilgan navbatdagi ish mahallada yashayotgan minglab aholining kundalik turmushiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. “Dehqonobod” mahallasidagi bir nechta ko‘chalarning ichki yo‘llari asfaltlanib, aholining ko‘p yillik muammosiga yechim topildi.
Loyiha 2025 yilda o‘tkazilgan tashabbuslar tanlovining ikkinchi bosqichida 2 ming 417 nafar fuqaroning ovozi bilan g‘olib deb topilgan edi. Unga muvofiq, “Dehqonobod” mahallasidagi Baxt, Navbahor, Peshqadamlar va Yangihayot ko‘chalarida jami 2,7 kilometr ichki yo‘llar to‘liq asfaltlandi. Bu ishlar uchun 1 milliard 400 million so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.

Mahalladagi yo‘llar ilgari o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib, aholining kundalik harakati, bolalarning maktabga borishi, chiqindilarni olib chiqish kabi oddiy ishlar ham qiyinchilik bilan amalga oshirilardi. Aholi bir necha yil davomida yechim kutgan bu muammo fuqarolarning o‘zi tashabbuskor bo‘lganidan keyin hal etildi.

“Dehqonobod” aholisi “Ochiq byudjet” platformasida birdamlik namoyon etib, loyihani ilgari surdi va ovoz berish jarayonida faol ishtirok etdi. Tashabbus g‘olib deb topilgandan keyin yo‘llarni ta’mirlash ishlari qisqa fursatda amalga oshirildi.

— Loyihaning amalga oshirilishi nafaqat infratuzilmani yaxshiladi, balki aholida “mahallamga o‘zim mas’ulman” degan fuqarolik tuyg‘usini ham mustahkamladi, — deydi dehqonobodlik mehnat faxriysi Sodiqjon Muhammedov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri