Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi Dehqonobod mahallasida aholi tashabbusi bilan davlat dasturlari asosida muhim loyiha amalga oshirildi. Mahalla fuqarolar yig‘inining qayta ta’mirlangan binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Avval bu yerda mahalla binosi mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, u zamonaviy talablarga javob bermas, aholiga munosib xizmat ko‘rsatish imkoniyati cheklangan edi. Bugungi kunda esa 1300 ta oilani o‘z bag‘riga olgan, 6226 nafar aholi istiqomat qiladigan Dehqonobod mahallasi zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘ldi.

Loyiha “Tashabbusli byudjet” doirasida amalga oshirilib, unga 850 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bino tubdan ta’mirlanib, zamonaviy mebel va kompyuter jihozlari bilan to‘liq ta’minlandi. Bu nafaqat mahallaning ish faoliyatini samarali tashkil etish, balki aholi murojaatlarini qulay va tezkor hal qilish imkoniyatini yaratadi.

Tantanali ochilish marosimida tuman hokimligi, mahallalar uyushmasi, Respublika ishchi guruhi hamda mahalla faollari ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mahalladagi ijtimoiy faollik va aholi tashabbusining ahamiyatiga urg‘u berishdi.

– Mahallamizda kambag‘al oilalar ham uchraydi. Ammo aholimizning ko‘pchiligi dehqonchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik bilan faol shug‘ullanadi, – deydi “Dehqonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Toyir Qodirov. – Ayniqsa, anor yetishtirish yo‘nalishi mahallaning iqtisodiy rivojida muhim o‘rin tutadi. Mahallaning yangi binosi aholimiz uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri