Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dehqonning dilidagi gaplar...
21:10 / 2020-01-28

Mening otam, otamning otalari, bobokalonlarim, butun avlodim dehqon oʻtgan.

Aks-sado

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida qishloq xoʻjaligidagi hozirgi oʻsish surʼatlari mutlaqo qoniqarli emasligi, tarmoqqa bozor mexanizmlarini keng joriy etib, fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirishga eʼtibor qaratgani har bir dehqonning dilidagi gaplar boʻldi.

Mening otam, otamning otalari, bobokalonlarim, butun avlodim dehqon oʻtgan. Oʻzim mehnat faoliyatini 6-7 yoshimdayoq otamga ergashib, dalada u-bu yumushlarga qarashib yurgan davrimdan hisoblasam, 65-66 yildan buyon shu kasbni qilib kelyapman.

Albatta, dehqonning oʻtgan davri bilan bugungi dorilomon zamondagi ishini ham, hayotini ham qiyoslab boʻlmaydi. Ertadan qora kechgacha dalada ishlagan dehqonning qorni nonga toʻymagan kunlarni ham boshdan kechirganmiz.

Uzoq yillar davomida kolxozda paxtachilik brigadasiga boshchilik qildim. Men yetakchilik qilgan jamoa xoʻjalikdagina emas, balki viloyatda dovruq taratdi. Paxtadan yuqori hosil yetishtirib, elning nazariga tushdim.

Mustaqillik tufayli mustaqil dehqon – fermer boʻldim. Shirkat xoʻjaligida brigadir paytimda ishlagan dalada oʻzimning fermer xoʻjaligimni tashkil etdim.

Xoʻjaligimiz yer maydoni 52 gektar. Uning yarmida paxta, gʻalla yetishtiramiz. Yana xoʻjalik ishchilari ehtiyoji uchun ziroatning hamma turini ekamiz. Chorvachilikni ham yoʻlga qoʻyganmiz.

Bundan 15-20 yil muqaddam yerlarimizning ball-boniteti 50 balldan oshmasdi. Ixtiyorimizdagi har bir qarich yerdan avaylab-asrab foydalanish evaziga bu koʻrsatkichni 66,6 ballga yetkazdik. Natijada paxta hosildorligini 35, gʻallaniki 72 sentnerdan kamaytirganimiz yoʻq. Shunga yarasha oilamiz daromadi ham ortib borayotir.

Bu gaplarni aytish bilan dehqon barcha zamonda dehqonligicha qoladi, bu kasb asosiy mohiyatini, yerga urugʻ ekib, undan hosil olib inson nasibasini undirishga qaratilgan maqsadni oʻzgartirmaydi demoqchiman.

“Oʻn qoʻshchiga bir boshchi” deganlaridek, hamma davrda dehqon yuqoridan turib boshqarib kelindi. Eng katta boshqaruvchi bu – davlat rejasi. Reja esa yuqoridan belgilanadi. “Rejani bajarsang ishlaysan, boʻlmasa yerni topshirasan”, degan doʻqdan qoʻrqmaydigan dehqon yoʻq.

Toʻgʻri, rejaning yomon tomoni yoʻq, agar u real sharoit, bor imkoniyatdan kelib chiqilib belgilangan boʻlsa, davlatga ham, dehqonga ham foydali. Ammo amalda davlat rejasining ijrosi davlat vakillari tomonidan boshqarilgach, bu tartib koʻp hollarda dehqonni ana shu boshqaruvchiga qaram qilib qoʻydi.

Yurtboshimiz Murojaatnomasida paxta va gʻalla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga oʻtishni, fermer va dehqonlarga mahsulot yetishtirishda erkinlik berilmasa, kutganlaridek manfaat koʻrmasligini – dehqon mustaqilligini taʼminlashning eng ishonchli yoʻlini koʻrsatib berdi.

Gap bu yerda paxta yo gʻalla haqida emas. Dehqonchilikda barcha ekinlarning ahamiyati bir-biridan kam emas. Oʻz oʻrnida ekilgan barcha ekin yaxshi daromad beradi. Shu maʼnoda paxta va gʻallamiz hech qachon ahamiyatini yoʻqotmagan, kelajakda ham shunday boʻlib qoladi.

Davlat buyurtmasini bekor qilishda mahsulot ishlab chiqaruvchi, uni oluvchi oʻrtasidagi munosabatlarning huquqiy jihatlari ham hisobga olinishi, shubhasiz. Dehqonga yetishtirgan mahsulotini oladigan xaridor, qayta ishlovchiga esa oʻziga kerakli xomashyoni yetkazib beruvchi aniq boʻlishi kerak. Ularning oʻzaro kelishib, munosabatlarini shartnoma asosida yoʻlga qoʻyishlari har ikki tomon uchun ham reja, ham javobgarlik degani. Ammo bu shartnoma endi davlat aralashuvisiz, oʻz imkoniyatlari asosida tuziladi.

Ushbu tartibning joriy etilishi bilan, Murojaatnomada aytilganidek, Qishloq xoʻjaligi vazirligi soha korxonalariga koʻrsatma berish, resurslarni taqsimlash, reja belgilash oʻrniga servis tashkilotiga aylanib, dehqonlarga mahsulot yetishtirishda, uni sotishda chinakam koʻmakchi boʻladi. Bu usul dehqonga toʻliq mustaqillik berish bilan uning yerga mehrini, mulkdor sifatida masʼuliyatini yanada oshiradi. Unda oʻzining, farzandlarining kelajagi uchun yerini asrab-avaylash, yaxshi ishlab, sifatli mahsulot yetkazish uchun javobgarlik hislari kuchayadi.

Parda ZIYOTOV,
Oʻzbekiston Qahramoni,
Sharof Rashidov tumanidagi “Quyoshsevar Parda” fermer xoʻjaligi rahbari