Jahon bozorida meva-sabzavot mahsulotlari savdosi 205 milliard dollarni tashkil etgan bir vaqtda mazkur bozordagi ulushimiz bir foizga ham yetmaydi.
Ushbu mahsulotlarning mamlakat eksporti tarkibidagi ulushi esa atigi 7 foiz.
Buning sababi esa aholi ularni yakka holda yetishtirishi va qayta ishlashi uchun zamonaviy uskuna yoki texnikalarga ega emasligi aytilmoqda.
– Mamlakatimizda yirik meva-sabzavot va tomorqachilik klasterlarining kamligi bu boradagi muammolarning yana biri, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i Najmiddin Mirabdullayev. – Bundan tashqari, tadbirkor va dehqonlarimiz eksport sohasida strategik qarorlar qabul qilishni va xorijiy bozorlar talabini to‘g‘ri tushuna olmayapti. Jahon iste’mol bozorida qaysi meva yoki sabzavot turi, naviga talab yuqoriligini o‘rganmasdan, bilganicha mahsulot yetishtirmoqda. Meva-sabzavot mahsulotlarini iste’molchilarga sifatli yetkazib berish, ma’lum vaqt saqlanishi va qadoqlash kabi omillarni hisobga olishga esa umuman e’tibor yo‘q. Mevalarni qayta ishlash va quritishda ham katta kooperatsiyalarning yetishmasligi va fermerlarimizning zamon bilan hamohang harakatlanmayotgani ko‘pincha bizni xalqaro reytingda orqada qoldiradi.
Qayd etish joizki, joriy yilda O‘zbekistonda 500 yaqin meva-sabzavot hamda tomorqachilik klasterlari tashkil etilishi kutilmoqda. Endi eksportbop mahsulotlar yetishtirishga moslashgan yirik plantatsiyalar vujudga keladi. Ya’ni, ushbu klasterni tashkil qilgan tadbirkor – mazkur hududdagi dehqon va fermerlarni atrofiga birlashtirib, katta hajmda mahsulot yig‘adi. Ana shu mahsulotlarni shartnoma asosida eksportga yo‘naltirish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil meva-sabzavot mahsulotlari assortimentini kengaytirish, yangi mahsulotlarni tayyorlash borasida oz bo‘lsada yangiliklar bor. Xususan, yangi turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan qizilmiya, brokkoli karami, piyozning yangi navlari, kivi va malina katta miqdorda yetishtirilib eksportga yuborilmoqda.
Hozirda bizda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotining 99 foiziga Rossiya va MDH mamlakatlari bozorida qiziqish bor. Biroq, Rossiyada bu mahsulotlarga talab pastlab bormoqda. Misol uchun, iste’molchilarning asosiy qismi katta yoshdagi aholi bo‘lib, Rossiya yoshlari an’anaviy uzumlarni xarid qilishni istamaydi. Sababi, mevalarimiz yog‘och yashikda bo‘lib, chang va boshqa narsalardan himoyalash uchun usti doka bilan yopiladi. Bu ularga yoqmaydi. Ularning qulay, ixcham, mevalar sifatini yo‘qotmasligi uchun mo‘ljallangan qadoqlarda sotiladigan urug‘siz navlarga qiziqishi oshib borayapti. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Bizning eng potensial bozorlarimizdan biri bu – aholisi soni jihatidan o‘ta yirik bo‘lgan Xitoy va Arab davlatlari hisoblanadi. Ushbu bozorlarga shiddat bilan kirishimiz zarur. Ayni vaqtda pandemiya davri bo‘lishiga qaramasdan mamlakatimizda yetishtiriladigan mahsulotlarga xitoyda talab ortib bormoqda. Shu bois, mahsulotlarni qayta ishlab, qadoqlashda zamon talablari hamda karantin qoidalariga mos ravishda tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim.
Ta’kidlash joiz, Xitoy va Arab davlatlari bozorlariga ko‘plab mahsulot turi bo‘yicha kirish imkoniyati bor. Biroq, tadbirkorlar, dehqon va fermerlarimiz hali ham talab qilinadigan sifatga ega bo‘lgan mahsulotning katta hajmini ta’minlab bera olmayapti.
So‘nggi uch yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimiz oz miqdorlarda bo‘lsada Xitoy va Yevropa bozorlariga kirib bordi. Hindiston, Koreya va Malayziyaga eksport yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekistonda yetishtirilayotgan qovun va qovun qoqisi yevropaliklarga juda manzur bo‘lmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, qovunni sifatli va faqat o‘ziga xos xususiyatlarini yo‘qotmagan darajada quritish uchun zamonaviy texnika-texnologiyalar kam.
Eksportda muvaffaqiyat bu – xalqaro bozorni tushunishdagi yondashuvlarning tubdan o‘zgarishidir. Shundagina tadbirkor o‘z biznesini iste’molchiga nisbatan “yuzma-yuz” o‘zgartirishi va faqat shu yo‘l bilan barqaror natijaga erishishi mumkin.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, kooperatsi
yani yo‘lga qo‘yish, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarini joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish maqsadida, shu jumladan, eksportyorlarni qo‘llab quvvatlash maqsadida qator ko‘plab farmon va qarorlar qabul qilindi.
Sayyora SHOEVA, O‘zA