O‘zbekistonda dehqonchilik va tomorqa yer egalari uchun qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada kengaydi.
Prezidentimizning 2026 yil 5 fevraldagi “2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekistonda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi joriy etildi.
Qaror asosida Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan turli moliyaviy yordamlar va subsidiyalar beriladi.
Yuqori daromadli mahsulot yetishtirish uchun subsidiya har 10 ta xonadonni ixtisoslashtirgan usta dehqonga 2 mln. so‘m, mahalladagi xonadonlarning 30 foizini ixtisoslashtirgan usta dehqonga 75 mln. so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Eski bog‘larni rekonstruksiya qilish va yangi bog‘ barpo etish: sertifikatga ega mevali ko‘chat narxining 50 foizi, biroq har bir ko‘chat uchun meva turiga qarab 30 ming so‘mdan oshmasligi, har bir o‘rnatilgan tirgak narxining 50 foizi, biroq 70 ming so‘mdan oshmasligi, har sotix yer maydonida yomg‘ir suvi yig‘ish yoki tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish uchun 160 ming so‘mgacha subsidiyalar beriladi.
Suv ta’minoti murakkab hududlar uchun qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash: tomorqa va ijara yerlarini sug‘orish uchun tik quduq burg‘ilash va quvvati kamida 10 kVt bo‘lgan quyosh panelini o‘rnatish xarajatlarining 70 foizi, biroq 200 mln. so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya beriladi.
Qaror qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, suv resurslaridan samarali foydalanish va aholi daromadini oshirishga qaratilgan. Shuningdek, ushbu tadbirlar aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA