Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dehqonlar tajriba almashdi
12:14 / 2024-01-11

Surxondaryo viloyatida 1 ming 100 dan ortiq fermer 11 ming gektardan ziyod maydonda sarxil uzum yetishtiradi. Uzumchilik fermer xo‘jaliklarining 450 dan ortig‘i Oltinsoy tumanida faoliyat yuritadi. Vohadagi uzumzorlarning 6 ming gektarga yaqini ham ana shu tumanga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili innovatsion tumanda besh yuz gektar maydonda Oltiariq tajribasi asosida yangi uzum bog‘i tashkil etildi.

Turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishlash uchun qulay iqlimga ega vohada keyingi yillarda uzum bog‘lari barpo etishda ham zamonaviy usullardan foydalanib, hosildorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda uzumning mers, Rizamat ota, kelin barmoq, qora go‘zal, charos kabi serhosil, servitamin navlarini parvarishlashga qiziqish ortmoqda.

Oltinsoy tumanidagi “Maftuna Safarmurodova” fermer xo‘jaligi tokzorlarida bo‘lib o‘tgan seminarda tumandagi uzumchilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari toklarni sifatli parvarishlab, hosildorlikni oshirish siru sinoatlari bilan tanishdi. Soha olimlari va tajribali mutaxassislarining tok agrotexnikasi, tok kesish, shakl berish, tokzorlarni mineral hamda mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish kabi mavzulardagi foydali ma’ruzalarini tinglashdi. Bog‘bonlarga uzum hosildorligini oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berilib, tokzorlarni parvarishlash agrotexnikasi amalda ko‘rsatildi.  

– Mazkur seminar ob-havo injiq kelayotgan yilda uzumchilikda hosildorlikni yanada oshirib, tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida tashkil etildi, – deydi taniqli agronom Ne’mat Ostonaqulov. – Agrotexnik tadbirlarni olimlar, tajribali mutaxassislar taklif va tavsiyalari asosida amalga oshirish fermerlarning daromadini ko‘paytirishga ham ko‘maklashadi. Sohibkorlar o‘zaro tajriba almashib, sohada yuz berayotgan yangiliklarni o‘z bog‘larida joriy etadi.  

Seminarda bog‘bonlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri