Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dehqonchilikning siri mehnat va ilmda
12:46 / 2024-06-13

Farg‘ona viloyatining ma’rifatparvar shoir Furqat nomi bilan ataluvchi tumani bepoyon dashtu dalalari, so‘lim tabiati, yer bilan tillashish va dillashish borasida katta hayotiy tajribaga ega mirishkorlari bilan tanilgan.

Bu yil tumanda paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan qariyb 200 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 6400 gektar yerda g‘alla yetishtirilib, ayni kunlarda elimizning rizq nasibasi uyushqoqlik bilan yig‘ib olinmoqda. Shu maqsadda tumanda 28 g‘alla o‘rim–yig‘im otryadi tashkil etilib, 28 ta yuqori unumli kombaynlar mavsum yumushlariga jalb etilgan. Tumanning Qolgandaryo massivida joylashgan 1600 gektardan ortiq ekin maydonida dehqonchilik qilish oson emas. Dasht cho‘l hududida doimiy noqulay ob – havo va qiyinchiliklar fermer xo‘jaliklarining matonatini sinovdan o‘tkazadi.  

Ammo so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar tufayli  ushbu hududda dehqonchilik madaniyati va shunga yarasha daromad salmog‘i oshib bormoqda. Qolgandaryo massivida bugungi kunda har gektar g‘alla maydonidan 85–100, paxtadan 45–50 sentner hosil olishga muvaffaq bo‘layotgan fermer xo‘jaliklari soni tobora ko‘paymoqda. Bu borada ilm-fan yutuqlari innovatsiya g‘oyalaridan unumli foydalanish kutilgan samarani berayotir.  

Oltiariq tajribasi asosida dala chetlarida uzumzorlar barpo etish, aholi tomorqalarida Sayxunobod tajribasi bo‘yicha serhosil va daromadli ekinlar ekishga jiddiy e’tibor qaratilyapti. Natijada g‘alla va paxtadan tashqari chorvachilik, dukkakli ekinlar, issiqxona xo‘jaliklari katta daromad manbaiga aylandi.  

Ayni jarayonda “Furqatdon” va “Istiqbolli g‘alla” g‘allachilik klasteri bilan hamkorlikda mahalliy iqlim sharoitiga mos yangi g‘alla va paxta navlarni ekishni ko‘paytirish, shu orqali daromad salmog‘ini oshirish doimiy e’tiborda. Xususan, joriy yilda g‘allachilik tarmog‘ida xorijdan keltirilgan bir necha istiqbolli navlar bo‘yicha ilmiy-amaliy tajribalar olib borilayotgan bo‘lsa, 514 gektar yerda Xitoydan olib kelingan yangi paxta navi sinovdan o‘tkazilyapti. Tuman pillakorlari 3338 quti mahalliy va xorijdan keltirilgan ipak qurti boqib, viloyatda uchinchi bo‘lib shartnoma rejasini bajardi va 203 tonna “kumush tola” terib olindi.    

– Innovatsion yondashuvlar tufayli birgina joriy yilning o‘zida 400 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib hamda 100 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi, – deydi Furqat tumani hokimi o‘rinbosari Toirjon Siddiqov. – Shuningdek, yoshlarga 260 gektar yer ajratib berildi va 1000 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Tumanning iqlim sharoitidan kelib chiqib, qolaversa, suv resurslarini tejash maqsadida yoshlarga berilgan yerlarda dukkakli ekinlar, misol uchun, mosh yetishtirish va xorijga eksport qilish maqsad qilingan. “Furqatdon” g‘allachilik klasteri tomonidan tashkil etilgan un zavodida esa 65 nafar mahalliy yoshlar doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.        

“Shabboda N” fermer xo‘jaligi rahbari Safarali G‘aniyev yangicha yondashuvlari tufayli keyingi yillarda Qolgandaryo hududida g‘allaning har gektaridan 100, paxtadan 50 sentnerdan ziyod hosil olmoqda. Xo‘jalikda Xitoy paxta navini parvarishlash ham tajribadan yaxshi o‘tdi. Hozirda tajribali fermer 7 ta yangi paxta terim mashinasi olib kelish harakatida. Boisi joriy dehqonchilik yilida tumanda 5130 gektar yerda paxta parvarishlanyapti. Hosilni tez va sifatli yig‘ib olish uchun tarmoqni mexanizatsiyalashtirish hayotiy zarurat hisoblanadi.  

Qolgandaryo massividagi “Hayitboy ota” fermer xo‘jaligida 60 gektar yerda “Sulton” navli paxta parvarishlanib, uning 25 gektarida tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bugun ilk hosil nishonalari bo‘y ko‘rsatib, paxta gulladi. “Sarimsoqov Rustamjon” fermer xo‘jaligini aka-ukalar ahillikda boshqarib, paxta, g‘alla, chorvachilik, asalarichilikdan yaxshi daromad oladi. Fermerning farzandi Rashidjon Rustamov 20 yoshda, uch yildan buyon xo‘jalik tasarrufidagi qishloq xo‘jaligi texnikalarini mustaqil ravishda boshqaradi. Rashidjon bu yil Farg‘ona shahrida joylashgan O‘zbekiston – Koreya universitetini mashinasozlik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlaydi.  

Muxtasar aytganda, furqatliklarning fidoyi mehnati qishloq xo‘jaligidagi islohotlarga yangi kuch va shijoat baxsh etmoqda. Eng asosiysi, sohaga yangi innovatsion texnologiyalar, ilm bilan yondashilayotgani o‘z samarasini bermoqda.  

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri