English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dehqonchilikning dolzarb vazifalari
15:59 / 2015-01-16

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlarning bajarilishi va qishloq xo‘jaligida yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishning dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlarning bajarilishi va qishloq xo‘jaligida yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishning dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Ayni paytda dalalarda yerni tekislash, pushtani mineral o‘g‘itlar bilan birgalikda olish, suv yo‘llarini tozalash, mahalliy o‘g‘it jamg‘arish, g‘alla parvarishi, sharbat oqizish, mevali daraxtlarga chilla suvi berish kabi agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat hokimligining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlari, shahar va tuman hokimlari, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda huquq-tartibot idoralari rahbarlari, fermerlar ishtirok etgan seminarda agrar tarmoqda belgilangan ana shunday ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumani tajribasi o‘rganildi.

Tumanda 6 ming 970 gektar maydondagi g‘allaga chilla suvi berish jadval asosida tashkil etilib, ikki marta sug‘orish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, maydonlarni g‘o‘zapoyadan tozalash, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, pushta olish ham uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Jumladan, otryad usulida 18 ming 620 tonna mahalliy o‘g‘it jamg‘arilib, irrigatsiya-melioratsiya ishlari 60 foizga bajarildi.

Seminar qatnashchilari tumandagi “Mirzohid Shahzodbek”, “Gulxumor” fermer xo‘jaliklarida bu boradagi ishlarning borishi, tuman markaziy mashina-traktor parkida qishloq xo‘jaligi texnikalarini bahorgi ekish mavsumiga tayyorlash jarayonlari bilan tanishib, tajriba almashdi. 

Tadbirda bu kabi seminarlarni barcha tumanlarda tashkil etish, amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan aniq hisobotlar yuritish, qishki agrotexnik tadbirlarni izchillik bilan davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. 

Tuman misolida viloyatda paxta, g‘alla yetishtirish, ichki bozorni sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha 2015-yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Seminarda Namangan viloyati hokimi B.Yusupov so‘zga chiqdi.