Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Dehqonchilikning boshi urug‘dan, urug‘ sifatli bo‘lsa, hosil mo‘l bo‘ladi”
12:39 / 2024-08-26

Buxoro viloyati Shofirkon tumanida viloyat agrar tarmoqqa tegishli soha mas’ullari, fermerlar ishtirokida kelgusi yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekish mavsumini yuqori tayyorgarlik bilan tashkil etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimining shu yil 10 avgustdagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan seminarda 2025 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari navlarini hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos joylashtirish, belgilangan muddatlarda ekish va parvarishlash ishlarini tashkillashtirish, buning uchun zarur moddiy-texnika resurslarini o‘z vaqtida to‘liq yetkazib berish, boshoqli don ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlari manfaatdorligini oshirish borasida so‘z bordi.

–Dehqonchilikning boshi urug‘dan, urug‘ sifatli bo‘lsa, hosil mo‘l bo‘ladi, –deydi boshqarma boshlig‘i A. Javodov. –Seminar davomida urug‘lik g‘allani tayyorlashga e’tibor qaratish zarurligi, shuningdek, texnikalarning mavsumga tayyorgarligi, g‘alla maydonlariga berilayotgan mineral o‘g‘itlar, suv yo‘larini tartibga keltirish, sug‘orish otryadlari ishini to‘g‘ri tashkil etish masalalari haqida so‘z bordi. Bu borada soha vakillariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish va yetishtirish uchun talab etiladigan urug‘lik, mineral o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va boshqa resurslarning fermer xo‘jaliklari bo‘yicha aniq hisob-kitobini ishlab chiqish, g‘alla ekishni uyushqoqlik bilan tashkil etish yuzasidan tuman shtabi tashkil qilinadi. Unda kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazishni muvofiqlashtirib borish zarurligi aytildi. Don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirish yuzasidan tajribali mutaxassislardan iborat alohida guruh tuzish, hududlar, fermer xo‘jaliklari va klasterlar yerlari konturlari yaxlitligini ta’minlash, ekish bilan birga fosforli va kaliyli mineral o‘g‘it zaxirasini to‘liq yaratish, shuningdek, g‘o‘za qator orasiga kuzgi g‘alla ekishni maqbul muddatlarda o‘tkazish maqsadida paxta terim otryadi bilan g‘alla ekish otryadi ishlarini uyg‘unlashgan holda tashkil etish vazifasi yuklandi.  

Zarif Komilov,

O‘zA muxbiri