French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dehqon uchun yerdan qadrli va bebaho ne’mat yo‘q
18:04 / 2022-08-24

Oddiy qishloq oilasida voyaga yetgan Omadxon Hamidova yoshligidan mehnat bilan o‘sdi.

Yerga mehr unga ota-onasidan o‘tgan. Ayniqsa, mohir pillakor rahmatli onasi Tursinxon ayadan mehnatkashlik, halollik, sabr-toqatlilik, qo‘yingki, juda ko‘p insoniy fazilatlarni o‘rgandi.  

U Andijon tumanidagi 44-o‘rta ta’lim maktabini, keyin Andijon paxtachilik (hozirgi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar) institutining agronomiya fakultetini tamomlab, uzoq yillar qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritdi. 1997 yilda esa fermer xo‘jaligi tashkil etib, xo‘jalikka rahbarlik qilib kelmoqda. Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi, ilm-fan, tadbirkorlik, fermerlik umuman, barcha sohalarda o‘z salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar berilgan. Ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib yuksak marralarga erishayotgan opa-singillarimiz safi esa yildan yilga ortib bormoqda.  

Andijon tumanidagi “Omad – 97” fermer xo‘jaligi rahbari Omadxon Hamidova ham ko‘plab yutuqlarga erishayotgan zamondoshlarimizdan biri. U rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligi 1997 yilda tashkil etilgan. Dastlabki yillarda xo‘jalikda faqat paxta va g‘alla yetishtirilgan. Keyinchalik xo‘jalik ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylantirildi. 

– Dehqon uchun yerdan qadrli va bebaho ne’mat yo‘q, – deydi fermer Omadxon Hamidova. – Uning kaliti esa haqiqiy yer egasining qo‘lida. Shu ma’noda yer sohibi shunday bo‘lishi kerakki, undan o‘zi ham, jamiyat ham manfaat ko‘rsin. Hozirda xo‘jaligimiz 127 gektar yer maydonida dehqonchilik qiladi. Shundan 32 gektar maydonda paxta, 70 gektarda g‘alla, 23,5 gektar maydonda poliz va sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda. Bundan tashqari, 1,5 gektar maydonda issiqxona barpo etilgan. O‘tgan yillar davomida xo‘jalik paxta, g‘alla yetishtirish bo‘yicha belgilangan davlat rejalarini hamisha ortig‘i bilan bajarib keldi. O‘tgan yili g‘alladan 70, paxtadan 40 sentnerdan, meva-sabzavotlardan ham mo‘l hosil olindi. Joriy yilda ham g‘alladan mo‘l hosil olindi. Paxtaning “An – 35” navi parvarishlanmoqda. Bugun paxtalar qiyg‘os ochilgan. Nasib etsa, paxtadan ham yuqori hosil olinadi.  

Xo‘jalik mehnatiga yarasha har yili yaxshigina daromad oladi. Eng asosiysi, yuqori hosil olish uchun barcha omillar mavjud. Eng avvalo, dehqonchilik ilmining professori darajasiga yetgan usta dehqonlar ish olib boradi. Qolaversa, lizing asosida sotib olingan AQSH, Germaniya, Belarus davlatlarida ishlab chiqarilgan qator-qator traktorlar, seyalkalar mavjud. Bundan tashqari, nafaqat paxta, g‘alla, balki poliz va sabzavot mahsulotlari yetishtirishda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalari instituti olimlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Olimlarning tavsiya va maslahatlari, dehqonchilik jarayoniga ilm-fan yutuqlarini joriy etib borilayotganligi ham yuqori samara bermoqda.  

– Prezidentimiz xalqimizga keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi, – deydi fermer. – Ayniqsa, tadbirkorlik qilaman, yangi ish o‘rni yarataman degan odamga hech qanday to‘siq yo‘q. Uni hamma, har jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda. Yaratilgan ana shu imkoniyatlar men kabi fermerlarga qanot bag‘ishlamoqda. Imkoniyatlarni ishga solib, faoliyatimizni yanada samaraliroq olib borishga harakat qilyapmiz.  
Xo‘jalikda 1,5 gektar maydonda issiqxona barpo etilgan. Issiqxonada yiliga ikki, uch marta hosil olinadi. Issiqxonalarda yetishtirilgan pomidori, bodring, bulg‘or qalampiri, karam va ko‘katlar erta bahordan kech kuzga qadar bozorlarga yetkazib beriladi.  

– Bir necha issiqxonada xorijdan keltirilgan “Kichik atirgul” (Mini-roza”) navli atirgul ko‘chatini ko‘paytiramiz, – deydi Omadxon opa

Hamidova. – Atirgulning ushbu navi qishin-yozin ochilib turishi, turli kasalliklar, sovuqqa ham, issiq ham chidamliligi uchun ancha xaridorgir. Mana ikki yildirki ushbu gul ko‘chatini ko‘paytirib sotyapmiz. 

[gallery-8473]

Fermer xo‘jaligining 70 nafar doimiy a’zosi bo‘lsa, yana 50 nafar kishi mavsumiy ishlarga jalb etiladi. Ularga mehnatlariga yarasha ish haqi to‘lab boriladi. Dehqonchilik ortidan nafaqat fermer, balki xo‘jalik a’zolari ham kam bo‘layotgani yo‘q. Topayotgan daromadlari ortidan yangi uylar quryapti, to‘ylar qilyapti. Manfaatdorlik yaxshi bo‘lganidan so‘ng, ishlar samarasi, shijoat ham shunga yarasha yuqori bo‘lmoqda.  

– Ikki nafar farzandim bor, – deydi xo‘jalik a’zosi Ayshaxon Egamberdiyeva. – Xo‘jalikda ishlab, ularni uylab-joyladim. Qurilishlar, to‘ylar qilganimda rahbarimiz Omadxon opa hamisha yonimda turdi, moddiy-ma’naviy ko‘mak berdi. Opaga mingdan ming rahmat, biror bir a’zosini norozi qilgani yo‘q. Kerak paytda hamisha yordam beradi. Chunki u dehqonning, dehqonchilikning mashaqqatlarini yaxshi biladi, ularning mehnatini qadrlaydi.  

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Omadxon opa Hamidova xayr-saxovat ishlarida ham hamisha peshqadam. U o‘zi yashayotgan Qurama mahallasining qator ko‘chalarini o‘z mablag‘i hisobidan asfaltladi, ichimlik suv tushirib berdi. Mahalladoshlari xonadonida to‘y bo‘ladimi, aza bo‘ladimi imkon qadar ularga moddiy yordam beradi. Xalqimiz “Ayol kishining qadami yetgan sahro bo‘stonga, qo‘li tekkan tikan gulga aylanadi” degan ibratli gapni bejiz aytmagan. Zero, farzandlar tarbiyasi, oila, ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib, zukkolik, tejamkorlik, ishbilarmonlik ila mehnat qilayotgan ayollarimiz ro‘zg‘orga baraka, hayotimizga ko‘rk bo‘layotgani ayni haqiqatdir.  
Dehqonchilik ilmining professori darajasiga yetgan Omadxon opaning samarali mehnatlari davlatimiz tomonidan ham munosib baholangan.

Opa faoliyati davomida “Shuhrat” medali, “El-yurt hurmati” ordeni, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor” unvonlari bilan taqdirlangan. Uch nafar farzand, 10 nafar nabira, 7 nafar chevaraning suyuklisi, duogo‘yi bo‘lgan Omadxon opa bugun yetmish yoshni qoralagan bo‘lsa-da erta tongdan kech oqshomgacha dalasidan kelmaydi. Daladagi hamma ishga o‘zi bosh-qosh. Chunki u mehnat qilmasdan, uyida tinch o‘tira olmaydi.  

– Mustaqillik mening taqdirimda o‘chmas iz qoldirdi, uni oddiy so‘zlar bilan ta’riflay olmayman, – deydi Omadxon opa. – Fermer bo‘lib kam bo‘lmadim, el-yurt orasida hurmat-e’tibor topdim. Oilam tinch, topayotgan daromadim yomon emas. Eng asosiysi, odamlarga, yurtimga foydam tegyapti. Farzandlarim, nabiralarim ko‘rki, kamolidan kuch olaman, quvonaman. Ayol kishi, ayniqsa, o‘zbek ayoli uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Hayotimni sarhisob qilib, oddiy bir dehqon ayol sifatida juda mamnunman. Eng muhimi, ozod va obod yurtimizda mehnat qilgan inson albatta, hurmat va qadr topishini chin dildan his etaman. 

Faxriddin Ubaydullayev, 

Zuxriddin Umrzoqov(surat) ,O‘zA