Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dehqon qachon boy bo‘ladi yoxud bozorlardagi narx-navolar haqida ko‘ngilga kelgan ba’zi mulohazalar
10:56 / 2023-10-28

Qishloqning chang ko‘chalarini yalangoyoq kezib, ariqlardagi loyqa suvlarni simirib katta bo‘lganim sabablimi, dehqonchilik sirlaridan ozmi-ko‘pmi xabardorman. Shundan bo‘lsa kerak, yerdan olinadigan daromadga ham ozmi-ko‘pmi uquvim yetadi. Shuning uchun hech qachon hovlimizda kaftdek joy ham bo‘sh qolmaydi. Farzandlarimga ham yerga mehr bilan qarashni ko‘p uqtiraman. Bizning yerlar juda serhosil. Eng muhimi, bozorimiz ham shundoqqina yonimizda. “Qo‘yliq” bozorini keksa-yu yosh yaxshi biladi. Tayyor mahsulotlarni asosan shu bozorda sotamiz. Sotganda ham ulgurji narxlarda. Mahsulotni yetishtirib, tongdan qosh qorayguncha savdo qilish uchun dehqonda vaqt ham, imkon ham yo‘q. Daladagi ekin kutib turmaydi. Unga o‘z vaqtida parvarish lozim. Dehqonga har bir daqiqa qadrli. E’tiborli bo‘lmadingmi, yoki sustkashlikka yo‘l qo‘ydingmi, tamom, hosildan umid uzaver.

Gohida o‘ylab qolaman. Tinim bilmay, manglaying yerga tegguncha, peshonangdan oqqan terni artib ulgurmaydigan darajada mehnat qilasan. Oylab qilingan mehnat samarasidan har doim ham ko‘ngling to‘lavermaydi. Ammo bozorda sendan ulgurji narxda savdolashib olib, ustiga keragidan ortiq narx qo‘yib sotayotgan “tadbirkor”ning oshig‘i olchi. Peshonabog‘ni bir siltab, hammasini yig‘ishtirib tashlaging keladi, ammo iloji yo‘q. Sababi oddiy, qo‘limdan “tadbirkor”lik kelmaydi. Otam savdo odami bo‘lgan. Do‘konchi nomini olib, bizni halol boqdi. Doim savdoda halollikka ahamiyat berishni ko‘p uqtirardi.    

Ko‘p yillar ilgari bo‘lgan bir voqeani eslab qoldim. Ukam bilan hovlida yetishtirilgan rediska mahsulotini “Qo‘yliq” dehqon bozoriga sotishga olib chiqdik. Ukam savdoga ancha pishiq. Rediskaning bir boylamini ellik tiyindan sotdik. Bizni kuzatib turgan bozor pattachisi joy uchun uch rubl haq so‘radi. Tortisha-tortisha ikki rubl berib bozordan chiqdik. O‘sha paytda rediskani bizdan olgan savdogar ustiga uch barobar narx qo‘yib pulladi.  

Ikki formali xodim chetdan bizni kuzatib turgan ekanmi, bozor darvozasidan chiqqan ham edik, ortimizdan kelib to‘xtatdi va chetroqqa imlab, bizni savolga tutdi: “Hovli qayerda? Oilada necha kishisan? Har kuni shuncha olib chiqasanmi?” Xonasiga olib kirib, qandaydir qog‘ozlarga imzo talab qildi. Ertasi kuni o‘sha ikki militsiya xodimi uyimizga kirib keldi. Hovlini kuzatib, so‘ng otam bilan murosaga kelib, uydan chiqdi. Bu nimaga va kimga kerak bo‘lganini haligacha tushunib yetmayman. Balkim o‘sha zamon shuni talab qilgandir.

Dehqonning bag‘riga o‘shanda ham shamol tegmagan ekan, degan xulosa hali ham tinchlik bermaydi.  

Shunga o‘xshash misollarni istagancha keltirish mumkin. Yana bir misol. Bir kuni issiqxonada salat bargini yetishtirdik. Yangi ro‘zg‘or. Ota-onadan bo‘lak bo‘lib, “ola xurjun” bo‘ynimizga ilingan paytlar. Ayolim kuni bilan salat bargini bozorga tayyorladi. Qo‘lda qo‘l, belda bel qolmasdan, yeb-ichishni ham chetga surib qo‘ydi. Kech soat o‘n sakkizlar chamasi ming bog‘dan ziyod salat bargini mashinaga yuklab yo‘lga tushdik. Qozog‘iston Respublikasiga olib ketadigan xaridorlar yarim tunda savdo qilar ekan. Tun o‘z pardasini tortdi. Biror kishi nima olib kelding, demadi.  

Tungi soat uchlar chamasi bir xaridor kelib arzimagan narxni tavsiya etdi. Bu orada tong otdi. Bozor rastasida dehqon uchun joy yo‘q. Hammasi “sotib olingan”. Soat tongi sakkizlarda bozor bo‘ylab “quv-quv” boshlandi. Rastalar hammasi band. Dehqon o‘z molini qayda sotishini bilmaydi. Mahsulotini sudrab sarson bo‘ladi. Asablar taranglashdi. Shunda Chirchiq daryosi yoqasidan joy topib, salat barglarini chiroyli qilib joyladik. Qibla tomonga qarab ayolim bilan duoga qo‘l ochdik: “Omin, ushbu mahsulotni kim olib foyda topsa, savobidan biz ham bahramand bo‘laylik”.  

O‘rnimizdan asta turdik. Ayolimning ko‘zi yoshlandi. Asosiy mehnat uning zimmasiga tushgandi. Shu payt ikki yosh yigit kelib: “Amaki sotasizlarmi?” dedi. Ayolim yarq etib menga qaradi. “Kerakmi?” dedim. “Ha kerak, qanchadan berasiz?” Men ayolimga qaradim. Uning mehnatiga achindim. So‘ng: “Yigitlar olaveringlar, savobi bizga ham tegsin. Hammasini shundoq olaveringlar” deb uyga tushdik.  

Mana, bozordagi narx-navoning oshib  ketishiga  sabab...

Oradan ancha yillar o‘tdi. Ukam agrar sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishdi. Kattagina issiqxonasi bor edi. Qishning sovug‘ida yerga pomidor nihollarini qadab, parvarish qildi. Dehqonda bir gap bor, “Sakson kunda sanoqda, to‘qson kunda tovoqda”. Hosil mo‘l bo‘ldi. Bozordagi narx-navo nihoyatda pastlab ketdi. Mehnatini qilib arzimagan chaqaga sotamanmi, bozorga o‘zim olib chiqaman, degan qarorga keldi. Katta yuk mashinasiga salkam uch tonna pomidorni yuklab bozorga olib bordi. Uch kechayu kunduz bozordan kelmadi. Ishonsangiz, bir kilogramm ham sotolmagach, o‘rtaga dallol yollab, mahsulot mashinada oqib ketmasin, deb piyoz po‘chog‘i narxida berishga majbur bo‘ldi. Shunda ham “tadbirkor” bir nimalik bo‘lib qoldi.  

Dehqon bozorga eng sara mahsulotni olib chiqishi ham bor haqiqat. Onam bir umr dalada mehnat qilib o‘tdi. Aytishlaricha, yetti yoshidan ketmonga sirdosh bo‘lgan ekan. Doim bozorga sotish uchun mahsulot tayyorlasak, albatta, pachoqrog‘i ro‘zg‘or uchun qolardi. Gohida o‘zing yetishtirgan mahsulotning sarasiga og‘zing tegmasa-ya, deb o‘ylab qolardim. Shunda onam: “Dehqon azaldan shunday yaralgan, sarasi bozorga, puchagi ozorga”, derdi.  

Ukam bir kuni bir gap aytdi. U yuqorida aytganimdek, agrar soha bo‘yicha bilim olib 1988 yili Gollandiya davlatida malaka oshirib kelgandi. Asosan urug‘ yetkazish tajribasi bo‘yicha ancha tajriba olgan. Ukamning aytishicha, Gollandiyada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazish, sotish va boshqa ishlar mukammal tizim asosida faoliyat yuritar ekan. Ya’ni urug‘ yetishtirish bilan alohida bir firma shug‘ullanadi, ko‘chat yetishtirish esa boshqa firma zimmasida. Uni parvarishlash va sotish, chetga eksport qilish, hammasi alohida-alohida firmalarga qarashli ekan. Xullas, bu tizim asosidagi ish uchun har kim o‘zi javobgar. Ishlar puxta rejalashtirilgani sababli, gollandlar mahsulot yetishtirish va eksport qilishda boshqa davlatlardan ancha ildam.  

Hovlida kichikroq issiqxona bor. Qish chillasi chiqishi bilan pomidor nihollarini va pushtasiga esa ko‘kat urug‘idan sepib parvarishlaymiz. Ilgari farzandlarim yordam bergan bo‘lsa, hozir nabiralarim yonimga kirgan. Fevral oyida ekilgan nihollar mayning oxirlarida yetiladi. Bir kuni Quruvchilar mavzesida pomidor sotib turgandim. Bir xaridor kelib narxini so‘radi. Kilosi o‘n ming so‘m dedim. Xaridor biroz ikkilanib: “Nega arzon sotyapsiz? Bozorda shu pomidor o‘n besh mingdan kam emas, yoki eskimi, bu?” dedi. Shunda: “Mahsulot o‘zimniki, shuning uchun arzon sotyapman” dedim. U yana hayron bo‘lib: “Dehqon ekansiz, yana arzon qiling”, desa bo‘ladimi?! “Dehqonning hurmati qolmabdi. Bozordagi olibsotar, o‘zini “tadbirkor” qilib ko‘rsatadi, aytgan narxida olasizlar. Peshona teri bilan yetishtirgan odamga esa past nazar bilan qaraysizlar”,  dedim ranjib. Shunda xaridor: “Xafa bo‘lmang-u, hozir bozorda dehqon yo‘q” dedi.  

O‘ylanib qoldim. O‘sha xaridor balkim to‘g‘ri aytgandir, rostdan ham bozorda dehqon yo‘qdir. Mana, bozordagi narx-navoning oshib ketishiga sabab...  

Bular birgina xonadon misolidagi gaplar, xolos. Endi unga boshqacha ko‘z bilan  qarang. Mahalla, tuman, viloyat miqyosida baho berib ko‘ring-chi?!

Buni nazorat qilish balki mushkuldir. Bu balkim ko‘z ilg‘amas mayda narsalar bo‘lib ko‘rinar. Aslida, katta muammolar ana shunday nazarga tushmaydigan kichik muammolar oqibatida paydo bo‘lishi esa, bor haqiqat. Bular bir kuzatuvlar natijasidagi fikrlar.

Bobom bir gapni takror-takror aytardi. Dunyo-dunyo bo‘lib yaralibdiki, hech qachon bitar bo‘lmagan. Xalqimiz bardoshli, chidamli, oriyatli. Olib sotuvchiga, “tadbirkor”ga insof so‘rab, tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib yashashda davom etaveradi...

Hozir Qo‘yliq bozori atrofida katta bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Darvoqe, yangi manzilda zamonaviy bozor ham o‘z faoliyatini boshlaganiga ancha bo‘ldi. Zamonaviy loyiha asosida bunyod etilgan yangi bozorda balkim hammasi boshqacha bo‘lar. Buni vaqt ko‘rsatadi.  

Biz bozor yoki mutasaddilar ishlarini tarozi pallasiga qo‘yishdan yiroqmiz. Insof har kimning vijdoniga bog‘liq. Nima bo‘lganda ham insonlarda insof yo‘qolmasin, oqibat ko‘tarilmasin. Yurtimizdagi o‘zgarishlardan xalqimiz rozi bo‘lsa, nur ustiga nur, albatta. Ezgu niyatli kishilarning niyatlari ham aslida shu.

Bozorlardagi tartibsizliklar: sotuvchi, xaridor, pattachi, savdogar, dehqon munosabatlari bu navbatdagi maqolamizning  mavzusi bo‘lsa, ajabmas.  

Asror Sulaymonov,

O‘zA muxbiri