Tasavvur qiling, fermer-bobodehqon yerga bug‘doy urug‘ini qadagan mahaldan boshlab kun sanaydi: ekinni to‘la-to‘kis undirib olgunicha ozmuncha ter to‘kadimi?
Murakkab ob-havo sharoitidan tortib, eng kerakli agrotexnik tadbirlarni qo‘llashgacha bo‘lgan jarayonlardan o‘tish oson kechmaydi, albatta. Eng muhimi, ular o‘zlarining tunu kun qilgan halol mehnatlari samarasini hosil pishib yetilib, o‘z vaqtida o‘rib-yig‘ib, xirmonga to‘kilgan damda, asosiysi, belgilangan rejalar oshirib uddalangach, yuzlari yorug‘ bo‘ladi.
Shundagina fermerning ko‘ngli xotirjam bo‘ladi.
Shu ma’noda, bugungi murakkab global iqtisodiy sharoitda, ayniqsa oziq-ovqat xavfsizligi dunyo miqyosida eng dolzarb masalaga aylanib borayotgan bir paytda, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud resurslar va imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, Yangi O‘zbekistonimizning bu yilgi ulkan g‘alla xirmoni omilkor dehqon
va fermerlar, suvchilar, agronom va mexanizatorlar, g‘allachilik klasterlari hamda sohaning fidoiy olimu tajribali mutaxassislarining zahmatli mehnatlari evaziga yaratilganini mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardik.
Erishilgan ulkan yutuqlarimiz zamirida albatta davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda agrar sohada, xususan, qishloq xo‘jaligining g‘allachilik tarmog‘ida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, izchil islohotlarning amaliy natijasi mujassamdir.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatning ajralmas bir qismi bo‘lgani, qolaversa, integratsion jarayonlarning chuqurlashuvi sharoitida xalqaro bozorlarda kuzatilayotgan salbiy tendensiyalar, bundan tashqari dunyo miqyosida davom etayotgan siyosiy, iqtisodiy vaziyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, mamlakat qishloq xo‘jaligida erkin raqobatni ta’minlaydigan bozor tamoyillariga o‘tib bormoqda.
Prezidentimizning qat’iy irodasi, uzoq istiqbolni ko‘zlab qilingan sa’y-harakatlari tufayli bevosita g‘alla bozorini erkinlashtirish yo‘lida jiddiy islohotlar amalga oshirildi. Va mubolag‘asiz aytish mumkin, aynan bu borada tarixiy qaror qabul qilinib, g‘alla hosilini davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlari qo‘llanilib, g‘allachilikka ixtisoslashgan klasterlar va fermerlarga bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquq berildi.
Bu esa, avvalo, qishloq xo‘jaligi sohasini erkinlashtirish, fermer va dehqon xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
Eslang, davlat rahbari, qayta-qayta ta’kidlayotgan hayotiy iborani: ya’ni qachonki fermer boy bo‘lsa, xalq ham boy bo‘ladi. Biz to‘la-ishonch bilan ayta olamizki, bugun fermerlarimiz erishayotgan yutuqlar ushbu haqiqatni yana bir bor isbotlamoqda.
2020 yildan davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyotini bekor qilinib, sohada bosqichma-bosqich bozor tamoyillarini joriy etildi. Fermer xo‘jaliklarga g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan erkin foydalanish hamda xizmat ko‘rsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqining berilishi, shuningdek, donni xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmining joriy etilishi yuqori manfaatdorlikni ta’minlamoqda.
Davlat resursi va birja savdolarida sotish uchun g‘alla topshirish ko‘proq manfaat keltirayotganini fermerlarimiz his etmoqdalar.
Fermer xo‘jaliklarining fidokorona mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2025 yil hosilidan boshlab mahsulot yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlar amaldagi 12 foizdan 10 foizgacha tushirib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermer xo‘jaliklariga ajratish tartibini joriy etdi.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun subsidiya ajratilishi natijasida yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan g‘alla maydonlari kengaytirildi.
Bundan tashqari, soha olimlarining ilmiy tavsiyalari hamda g‘alla ekish va yetishtirishning har bir bosqichida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminarlar, shuningdek, bobodehqonlar ta’biri bilan aytganda, ob-havoning qulay kelishi mo‘l hosil yetishtirish imkonini berdi.
Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan Farmon va qarorlar orqali fermer va qishloq xo‘jaligi sub’ektlari uchun katta imkoniyat va imtiyozlar yaratildi. Xususan: 2025 yilning o‘tgan davrida qator imtiyozlar va vakolatlar berildi.
Birinchidan, Soliq yuki yengillashtirildi: 2025 yil 19 martda davlat rahbari tomonidan imzolangan Farmonga muvofiq, fermer xo‘jaliklarining soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblangan penyalar hisobdan chiqarildi, ijro ishlari to‘xtatildi;
Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 28 martdagi 131-sonli qaroriga binoan, paxtadan 50 s/ga, g‘alladan 80 s/gadan yuqori hosil olgan fermerlarga bir qator imtiyozlar joriy etildi:
ijaraga olingan yerlarning 25 foiz qismiga almashlab ekish huquqi (chorva ozuqasi, sabzavot, moyli ekinlar);
fermerlar kengashi a’zolik badali 0,6 foiz o‘rniga 0,3 foiz etib belgilandi;
yer solig‘idabazaviy stavkaga nisbatan mutanosib ravishda 3 karragacha kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llashga ruxsat berildi.
Prezidentimizning ana shunday istiqbolli Farmon va qarorlaridan ruhlangan fermerlar bu yil g‘alladan 80 sentner va undan yuqori hosil olishga bel bog‘lab, 2025 yil hosili uchun jami 997 ming gektar suvli maydonlarda kuzgi boshoqli don ekinlari ekib, parvarish qildi.
G‘alladan yuqori hosil yetishtirish bo‘yicha soha olimlarining “Kuzgi boshoqli don ekinlaridan mo‘l va sifatli hosil yetishtirishda amalga oshiriladigan dolzarb agrotexnik tadbirlar to‘g‘risida” tavsiyanomalari ishlab chiqilib, g‘alla yetishtiruvchi xo‘jaliklarga yetkazildi.
Bundan tashqari, yanvar va aprel oylarida “Boshoqli don ekinlaridan yuqori hosil yetishtirishda qo‘llaniladigan innovatsion agrotexnologiyalarini olib borish” mavzusida soha mutaxassislari tomonidan o‘quv-seminar tashkil etildi hamda fermer va dehqon xo‘jaliklarini bu boradagi bilim va ko‘nikmalari oshirib borilishi ta’minlandi.
Ekish mavsumi o‘tgan yillarga nisbatan 10-12 kun erta yakunlanib, oktyabrning uchinchi 10 kunligi va noyabr oyidagi yog‘ingarchiliklar hisobiga asosiy g‘alla maydonlarini tuproqning tabiiy namiga undirib olindi.
Shuningdek, mart-may oylarida azotli mineral o‘g‘itlar bilan 3 marta (750-800 kg/ga fizik holda) hamda makro-mikro o‘g‘itlarga boyitilgan biostimulyatorlar bilan suspenziya usulida 4-5 marta bargidan oziqlantirildi.
Yetishtirilgan hosilni uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olish uchun 2 ming 366 ta g‘alla o‘rish otryadlari tashkil etilib, ularga, 3 ming 104 ta (sh.j 2025 yil 195 dona yangi sotib olingan) yuqori unumli kombaynlar 14 ming 133 ta yuk avtomobillari, 2 ming 508 ta traktor tirkamasi biriktirildi.
Romitan, Vobkent, Do‘stlik, Mirzacho‘l, Paxtakor, Kasbi, Koson, Nishon, Qamashi, Qiziltepa, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Ishtixon, Paxtachi, Angor, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Termez, Uzun, Bo‘ka, Piskent, Furqat, Uchko‘prik, Bog‘ot, Gurlan, Xonqa, Hazorasp tumanlarida o‘rtacha 86-90 sentnerdan;
Jondor, Qorako‘l, Arnasoy, Sh.Rashidov, Zarbdor, Muborak, Mirishkor, G‘uzor, Navbahor, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Namangan, Norin, Jomboy, Pastdarg‘om, Denov, Qumqo‘rg‘on, Sherobod, Yuqorichirchiq, O‘rtachirchiq, Chinoz, Quyichirchiq, Qibray, Beshariq, Bag‘dod, Dang‘ara, Qo‘shtepa, Rishton, Farg‘ona va tumanlarida 80-85 sentnerdan don hosili yetishtirildi.
Shuningdek, g‘alla parvarishida ilg‘or agrotexnologiyalar qo‘llagan Mirzacho‘l tumanidagi “Fayz Shaxrux”, Do‘stlik tumanidagi “Baraka,”, “Chashma-2”, Paxtachi tumanidagi “Norbo‘ta Meyliyevich dalasi”, “Farrux”, Angor tumanidagi “O‘ktambek Sunnatbek”, “Zilola Sarvar Surxon”, Denov tumanidagi “Islom Axmad Mirzayevlar”, “Alpomish Denov”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Xalqobod Guliston”, Oltinsoy tumanidagi “Amirov Dilmurod”, “Tarag‘ay zamini” Termiz tumanidagi “Shuhrat Termiz”, “Ulug‘bek Xurramov”, Hazorasp tumanidagi “Sulaymon”, “Soli turkman”, “Sotiboldi kulol”, “G‘ofur Ruxiya” fermer xo‘jaliklarida 100 sentnerdan hosil olindi.
Erishilayotgan bu kabi yuksak muvaffaqiyatlar ortida, yana bir bor ta’kidlaymiz, lafzi halol dehqon va fermerlarimiz, soha fidoyilarining fidokorona mehnati yotibdi. Asosiysi puxta o‘ylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlarning amaliy samarasi hamdir.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i bo‘lgan g‘allachilikni rivojlantirish orqali aholining don mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘la qondirish maqsadida boshoqli don ekinlari yetishtiriladigan sug‘oriladigan maydonlar kengaytirilib, serhosil, istiqbolli navlar yaratilayotganligi bois hosildorlik yil sayin oshib bormoqda.
Bugun fermerlar nafaqat iqtisodiyot lokomotivlari, balki yurtning obodligi, vatan ravnaqi, xalq ma’murchiligi yo‘lida astoydil jon kuydiradigan bilimdon, siyosiy yetuk kishilar sifatida shakllanib borayotganligi natijasida mamlakatimizning baxtli istiqboli yo‘lida qilinayotgan ezgu ishlar katta samara berayotganligini ko‘rib turibmiz.
O‘zbekiston fermerlari kengashi bo‘lim boshlig‘i
Zokir Allamuradov