Dehqon bozorlari yanada chiroy ochadi
Poytaxtimiz bozorlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ko‘lami tobora kengaymoqda. Toshkent qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori, Aviasozlar, Navro‘z, Sergeli va Yunusobod dehqon bozorlaridan so‘ng Oloy hamda Mirobod dehqon bozorlarida ham ta’mirlash va qurilish ishlari boshlandi.
Poytaxtimiz bozorlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ko‘lami tobora kengaymoqda. Toshkent qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori, Aviasozlar, Navro‘z, Sergeli va Yunusobod dehqon bozorlaridan so‘ng Oloy hamda Mirobod dehqon bozorlarida ham ta’mirlash va qurilish ishlari boshlandi.Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda aytib o‘tildi.
– Mustaqilligimizning 25-yillik bayramiga qadar to‘liq tugallanishi rejalashtirilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida Oloy dehqon bozorida sotuvchi hamda xaridorlar uchun yaratilgan qulayliklar ko‘payadi, – deydi «Toshbozorsavdo» uyushmasi raisi S.Ne’matullaev. – Jumladan, milliy hunarmandchilik mahsulotlari uchun alohida savdo obyektlari, tarozixona, veterinariya xizmatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qurilish ishlarining amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Mirobod dehqon bozorida amalga oshiriladigan keng ko‘lamli ishlar ham savdo madaniyati yuksalishiga xizmat qiladi.
Ushbu ikki loyihani bajarish uchun 15 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflanishi belgilangan.
Ayni paytda uyushma tizimida 12 ta dehqon bozori, bitta qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori, ikkita ixtisoslashgan bozor hamda 6 ta savdo kompleksi faoliyat ko‘rsatmoqda. Toshkent shahridagi bozorlar faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sotuvchi va xaridorlar uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida so‘nggi 7-yil davomida 63,8 milliard so‘mlik qurilish, qayta qurish va kapital ta’mirlash ishlari bajarilgan. Yigirmadan ortiq yangi savdo pavilyoni va savdo majmuasi barpo etilgan.