Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dehlidagi jome’ masjidida Amir Temur nomi xutbaga qo‘shib o‘qilgan
08:00 / 2020-12-20

Vatanimiz tarixidagi 20 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1398 yil (bundan 622 yil oldin) – Amir Temurning Hindistonga yurishi vaqtida egallangan Dehli sultonligi poytaxti Dehli shahridagi jome’ masjidida Sohibqiron nomi xutbaga qo‘shib o‘qildi. Tarixchi olim Sharafiddin Ali Yazdiyning qayd etishicha, Dehlida bu vaqtga qadar xutbani o‘n yil oldin vafot etgan hukmdor Feruzshoh Tug‘luq va boshqa oldingi shohlar otlariga o‘qir edilar. Amir Temur Dehlidagi bu qoidani bekor qildi.

Bu haqda tarixchi olim Nizomiddin Shomiy quyidagicha qayd etgan: “Mazkur oyning o‘ninchisida juma kuni mavlono Nosiriddin Umar oliy dargohning mulozimlari bo‘lmish akobiru ashroflar bilan birga shaharga kirsinlar va xutbani humoyun laqablar zebu ziynati bilan bezatsinlar, degan farmon sodir bo‘ldi. Farmonga binoan ushbu ahdu zamon podshohi va ulug‘ amir Temur Ko‘ragon (amiri buzurg Temur Ko‘ragon) ham vali ul-ahd amirzoda Muhammad Sulton nomlari bilan xutbani bezadilar”.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, xutba juma namozi oldidan va hayit namozidan keyin xatib (masjid imomi)ning va’zxonligi, diniy pand-nasihat hisoblanadi. O‘rta asrlarda xutbaning muhim siyosiy ahamiyati bo‘lgan. Namozxonlar mamlakat hukmdori ismini aytib, uning haqiga duo qilishlari lozim edi. Xutbada hukmdor ismining yodga olinishi hukmdorning mustaqil ekanligining asosiy tashqi belgilaridan biri hisoblangan.

1820 yil (bundan 200 yil oldin) – tarixchi D. Valiyevaning “Amir Haydar davrida Buxoro-Rossiya diplomatiya aloqalariga oid ma’lumotlar” nomli maqolasida qayd etishicha, Buxoro amiri Haydar Rossiya elchisi Aleksandr Negrini qabul qildi. 20 dekabr kuni choshgohda elchi amir huzuriga saf tortib yo‘l oladi.

“Safning oldida, – deb yozadi shu elchilik tarkibida bo‘lgan Ye.K. Meyendorf, – kazaklar biz olib kelgan sovg‘alarni ko‘tarib borishardi. Ular: mo‘ynalar, chinni va billur idishlar, tilla soatlar va qurollardan iborat edi. Piyoda askarlarning bir qismi saf tortib orqadan kelishardi. Fors tilini mukammal biladigan, xushsurat, muhim mansabli o‘zbek amaldori elchilikni saroyga olib kirish uchun ularning oldiga tushib borardi”.

Elchining amir huzurida qabul qilinishi va unga podshohning ishonch yorlig‘ini topshirishi haqida Meyendorfning asaridan quyidagilarni o‘qiymiz: “Ikki yonida kamergerlari bilan Negri xon tomonga o‘n qadam yurib, unga fors tilida murojaat qildi va keyin qushbegiga ishonch yorlig‘ini topshirdi va o‘tirdi. Elchilikning boshqa a’zolari eshikning ikki tomonida turgancha qoldilar. Qushbegi zudlik bilan imperatorning maktubini xonga topshirdi; xon uni baland ovoz bilan o‘qib chiqdi...” D. Valiyevaning yozishicha, qabul marosimi 20 daqiqa davom etadi.

Elchi yana bir necha bor amir va uning vaziri bilan uchrashib, muzokaralar olib boradi. Amir har ikki tomondan savdo karvonlarining tez-tez kelib turishi va ularning xavfsizligini ta’minlash lozimligi, jumladan, savdo karvonlarini Sirdaryogacha buxorolik otliqlar kuzatib borishi, u yerdan Orenburggacha rus otliqlari o‘z himoyasiga olishi to‘g‘risida fikr bildiradi. Biroq Rossiya elchisining Buxoroda Rossiya imperiyasining doimiy konsulligini ochish fikriga u ro‘yxush bermaydi; xuddi shuningdek, Orenburgda yoki Peterburgda Buxoro konsulligini tashkil etish haqidagi taklif ham ma’qullanmaydi.

1933 yil (bundan 87 yil oldin) – mikrobiolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Charjau Abdirov tavallud topdi (vafoti 1997 yil). U 1969–1976 yillarda Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri, 1976–1985 yillarda Nukus davlat universiteti rektori lavozimida ishlagan.

1991 yil (bundan 29 yil oldin) – Pokiston Islom Respublikasi va Ruminiya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi.

1996 yil (bundan 24 yil oldin) – Tokioda O‘zbekiston elchixonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

1996 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Fanlar akademiyasida Abdurauf Fitrat tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish va ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

1999 yil (bundan 21 yil oldin) – Nukusda qoraqalpoq adabiyoti klassiklaridan biri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 175 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalarning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbirlar Ajiniyozning adabiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bilan boshlandi. O‘sha kuni Ajiniyoz nomi bilan yuritiladigan maydonda uning haykalini ochish marosimi bo‘lib o‘tdi. Kechqurun Berdaq nomidagi teatrda Ajiniyoz yubileyiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish o‘tkazildi.

2017 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Unga asosan avgust oyining birinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni etib belgilandi.

2017 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi