Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dehlida yangi sahifa: Karni va Modining “tili bir joydan chiqdi”
16:18 / 2026-03-02

Hindiston va Kanada o‘rtasidagi muzokara yillar davomida oxirgi bosqichda to‘xtab qolgan edi. Endi esa aniq muddat belgilandi: tomonlar yil yakuniga qadar keng qamrovli iqtisodiy sheriklik kelishuvini imzolashga kelishib oldi. Dehlidagi uchrashuvdan so‘ng Mark Karni bu maqsad “jiddiy va shu bilan birga zarur”ligini ta’kidladi.

Eng diqqatga sazovor bitim – uzoq muddatli uran ta’minoti bo‘yicha kelishuv. Hindistonda 2050-yilga borib ikki barobar oshishi kutilayotgan energiya ehtiyoji asosan atom energetikasiga tayanadi. Barqaror uran yetkazib berish umumiy rejaning hal qiluvchi qismi. Ottava uchun esa bu milliardlab dollarlik shartnoma va Dehli bilan o‘zaro ishonch tiklanishidir.

Tomonlar muhim minerallar, toza energiya, koinot, oliy ta’lim va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlikni ham kuchaytirishga qaror qilgan. Chip ishlab chiqarish quvvati oshirilishini strategik vazifa etib belgilagan Hindiston uchun Kanada bilan ta’minot zanjiri sherikligi Xitoyga bog‘liqlikni qisqartirish imkonini beradi.

Harbiy sohada ham yangi yo‘nalish ochildi. Karni Hind-Tinch okeanida dengiz hamkorligi haqida gapirdi. Ushbu qadam Pekinning mintaqadagi ta’siriga ishora sifatida qabul qilinmoqda. Darvoqe, Ottava Pekin bilan munosabatni ham yaxshilashga intilmoqda. Demak, muvozanatli siyosat davom etadi.

Mazkur uchrashuv 2023-yildagi diplomatik inqirozdan so‘ng munosabatni tiklashga urinishdir. O‘sha payt Kanada hukumati Hindistonda sikh yetakchisi o‘ldirilishi bilan bog‘liq “ishonchli gumonlar”ni ilgari surgan. Hozirgi bosqichda esa har ikki tomon pragmatik yondashuvni tanladi. Karni nutqini "Svami Vivekananda" iborasi bilan yakunlab, “maqsadga yetmaguncha to‘xtamaslik” lozimligini ta’kidladi. Bu ikki yirik davlat sherikligida yangi bosqich boshlanayotganiga ramziy ishoradek.

Musulmon Ziyo, O‘zA