Hindiston poytaxti Dehlini qoplab olgan zaharli tutun bolalar sog‘ligiga sezilarli zarar yetkazmoqda. Kir havo pediatriya klinikalarida bemorlar soni keskin ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Megapolis yaqinidagi Noyda shahrida joylashgan bolalar shifoxonasiga borgan VVS muxbiri qabulxona oldida yig‘ilgan ota-onalar nafas qisishi, yo‘tal va aksirishdan shikoyat qilayotganiga guvoh bo‘lgan.
Aholining aksariyati oktyabr oyidayoq kasallana boshlagan. Aynan o‘sha vaqtda poytaxt havosi sifati xavfli darajaga tushib ketgan edi. Oxirgi bir oy davomida Dehlida tegishli indeks (AQI) ko‘rsatkichi 300-400 oralig‘ida saqlanib turdi. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan me’yordan 20 barobar yuqori.
Har yili qish mavsumida Dehli va Hindistonning shimoliy hududlarida havo sifati keskin yomonlashadi. Bunga sabab sifatida sanoat chiqindisi, yo‘l harakati zichligi, shamol tezligi va harorat pastligi, qo‘shni shtatlardan qishloq xo‘jaligi ekinlari qoqimi yog‘ilishi kabi ko‘plab omillar aytiladi.
Izlanishlar zaharli havo bolalarda immunitet tushirishi, rivojlanishni susaytirishi, kognitiv qobiliyatni kamaytirishini ko‘rsatmoqda. Kembrij universiteti yaqinda o‘tkazgan tadqiqot esa havo ifloslanishi ba’zi demensiya turlari, jumladan Alsgeymer xastaligi xavfini oshirishini isbotladi.
Vaziyat og‘irlashgach, Dehlida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim muassasalari darslarni gibrid tartibga o‘tkazdi. Ochiq havodagi sport tadbirlari vaqtincha to‘xtatildi.
Binobarin, ota-onalar bolalarni uzoq vaqt uyda ushlab turish, deyarli, imkonsizligini ta’kidlaydi.
D.Hakimov, O‘zA