O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi mamlakatimizda pillachilik va qorako‘lchilik sohasini rivojlantirish, sohaga investitsiyalar jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida qator ishlarni amalga oshirib, amaliy natijalarga erishmoqda.
Shunga ko‘ra, qo‘mita tomonidan hududlardagi ayrim degradatsiyaga uchragan yaylovlar holatini yaxshilash, ushbu yo‘nalishdagi mutaxassislar malakasini oshirish, cho‘l-yaylovlardan barqaror foydalanish va ekologik jihatdan qayta tiklash maqsadida Germaniyaning “Succow Foundation” tabiatni muhofaza qilish fondi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan.
Poytaxtimizda ikki tashkilot hamkorligining davomiy bosqichi sifatida “O‘zbekistonda iqlimni moliyalashtirish vositalari orqali cho‘l yaylovlarini tiklash va ulardan barqaror foydalanish” mavzuidagi o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.

Cyeminarda “Iqlim o‘zgarishini yumshatishda cho‘l yaylovlarning salohiyati”, “O‘zbekiston yaylovlarining holati va ularni yaxshilash yo‘llari”, “Cho‘l yaylovlarini boshqarishdagi dolzarb muammolar va xalqaro tajriba” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Qayd etilganidek, ishlab chiqilayotgan loyiha maqsadi O‘zbekistondagi cho‘l yaylovlarini tiklash va ulardan barqaror foydalanish uchun iqlim fondlarini jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdan iborat.
Insoniyat oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri iqlim o‘zgarishidir. Iqlim o‘zgarishi yog‘ingarchilikning kamayishiga, qurg‘oqchilikning davomiyligi va intensivligining oshishiga, tabiiy ofatlarning chastotasi va xavfining oshishiga olib keladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi tabiiy ofatlardan kelib chiqadigan o‘rtacha yillik yo‘qotish va zarar 10 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi. Yaylovlarning degradatsiyasi chorvachilikni rivojlantirish va atrof-muhitni muhofaza qilishga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Qishloqlar, qishloq xo‘jaligi yerlari, temir yo‘llar, avtomobil yo‘llari, elektr uzatish liniyalari, neft va gaz quvurlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan qum bo‘ronlari ham degradatsiyaga uchragan yaylovlar sababli bo‘ladi. Iqlim fondlarini ushbu sohaga jalb qilish global muammolar sifatida ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni hal qilishga sezilarli hissa qo‘shishi mumkin.

– Hozirgi kunda, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tasarrufida jami 17 416 ming gektar yaylov yer maydonlari mavjud, – dedi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Behzod Yusupov. – Shundan o‘rtacha 8 360 ming gektari turli darajada degradatsiyaga uchragan yaylov maydonlari hisoblanadi. Yaylovlar degradatsiyasining asosiy sabablari almashlab boqishni tashkil etilmaganligi, zagon usulidan foydalanishni yo‘lga qo‘yilmaganligi, bundan tashqari yil mavsumining qanday kelishi hisoblanadi. Degradatsiya oqibatida yaylovlar hosildorligi keskin pasayishiga, o‘simliklar bioxilma-xilligini va chorva mollari ozuqa bazasini kamayishiga sabab bo‘ladi. Bu holatning oldini olish va bartaraf etishda xalqaro tajribalar ham samara beradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA