Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Degradatsiyaga uchragan cho‘l-dasht yerlaridan daromad olish mumkinmi? – Ekspert javob berdi
11:21 / 2023-07-31

Ma’lumki, yer resurslari iqtisodiyotda qo‘shimcha qiymat yaratuvchi eng asosiy omil hisoblanadi. Yerning har bir qarichidan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega.

Biroq iqlim o‘zgarishi ta’sirida yer degradatsiyaga uchrab, uning unumdorlik xususiyati yo‘qolishi hamda o‘simlik va hayvonot olamining qirilib ketishi xavfi kuzatilmoqda. Bugungi kunda yer yuzida 3 milliard gektar yer degradatsiyaga uchragan.    

Xo‘sh, mamlakatimizda degradatsiyaga uchragan cho‘l-dasht yerlaridan qanday qilib daromad olish mumkin?  

Ushbu savolga javob olish maqsadida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Komiljon Qo‘ziyevga yuzlandik.  

– Yaqinda MHTI ekspertlari tomonidan aynan mamlakatimizda degradatsiyaga uchragan cho‘l-dasht yerlaridan samarali foydalanish imkoniyatlari o‘rganildi, –dedi K.Qo‘ziyev. – Avvalo, raqamlarga e’tibor beraylik. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda qishloq va o‘rmon xo‘jaligi yer toifasidan foydalanuvchilar soni 117 ming nafarni tashkil etadi. Ularning tasarrufida jami 27,1 million gektar yer resurslari mavjud. Tahlillarga ko‘ra, ushbu yer maydonlari 1991-2021 yillar davomida 1,2 baravar qisqarib, degradatsiyaga uchragan.  

Shundan qishloq xo‘jaligida yer turlari bo‘yicha eng katta qisqarish kuzatilib, qariyb 3,5 million gektar yer foydalanishdan chiqib ketgan. Buning 97 foizini yaylovlar tashkil qiladi.  

Mamlakatimizda degradatsiyaga uchragan yerlarning katta qismi cho‘l-dasht zonalarida joylashgan. Bu yerlarda cho‘llanish indeksi yuqori bo‘lib, yog‘ingarchilik miqdori juda kam, yashillik qoplami qisqarib bormoqda. Buning oqibatida cho‘l jonivorlarining qirilib ketishi hamda tuproq degradatsiyasi kuzatilayapti.  

Masalan, jami o‘rmon fondi yer maydoni 12 million gektardan iborat bo‘lib, shuning atigi 26,6 foizi (3,2 mln. ga) o‘rmon bilan qoplangan. Qolgan 8,7 million gektar yerga cho‘l tabiatiga mos o‘simlik va daraxtlarni ekish orqali qo‘shimcha qiymat yaratish mumkin.  

Degradatsiyaga uchragan bu yerlardan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali qo‘shimcha qiymat yaratish mumkin va bu iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi.  

Degradatsiyaga uchragan cho‘l-dasht yerlarini tiklashda fitomelioratsiya usulidan foydalaniladi. Qora saksovul, cherkez va selin hamda qandim O‘zbekistonning qumloq joylari uchun mos keladigan fitomeliorant o‘simliklardir. Ular Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on va Termiz tumanlaridagi cho‘l-dasht maydonlarining qumloq tuproqlarida dala sharoitida sinovdan o‘tkazilgan.    

Ushbu amaliyotni Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining cho‘l-dasht maydonlarida qo‘llash maqsadga muvofiq.  

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, cho‘l-dasht zonalarida degradatsiyaga uchragan 5 million gektar yerni qayta tiklash imkoniyati mavjud. Bu maydonlarda saksovulzor (hosildorligi gektariga 57 sentner), qandimzor (gektariga 18 sentner), cherkeszorlarni tashkil qilish orqali 5 ming bosh qo‘y-echki otarchilik fermalarini barpo qilish maqsadga muvofiq. Buning natijasida mayda shoxli chorva mollari soni qo‘shimcha 3 million boshga ortadi va 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.    

O‘rtacha 1 gektar saksovulzordan 10 tonna quruq yog‘och massasini olish mumkin. Shunda 1000 gektarli otarchilik xo‘jaliklari yiliga 10 ming tonna quruq yog‘och massasini yig‘ib oladi va qish mavsumida o‘zini o‘tin bilan ta’minlaydi.  

O‘rtacha 100 gektar cho‘l-dasht maydonining ozuqa birligi 20-30 ta yirik shoxli qoramol yoki 60-90 bosh mayda shoxli mollarga (quy va echkiga) yetarli bo‘ladi. Cho‘l-dasht maydonining meliorativ holatini yaxshilash, almashlab foydalanish uchun 300-350 gektar maydonda 100 bosh mayda shoxli mollarni navbatma-navbat o‘tlatish mumkin bo‘ladi. (Bunda o‘tlatilgan maydonga o‘zini tabiiy tiklashi uchun 2 yil dam beriladi).  

Tahlillarga ko‘ra, degradatsiyaga uchragan cho‘l-dasht yerlaridan samarali foydalanish mumkin. Xususan, ularda mayda shoxli chorva mollarini o‘tlatish maydoni, mebel sanoati uchun yog‘och massasi olinadigan manba, o‘tin yoki qurilish xomashyosi bazasi sifatida hamda bir vaqtning o‘zida saksovulzorlarni kengaytirish hisobiga tuproqning yuqori qatlamida chang-to‘zonlar yuzaga kelishining oldini oluvchi vosita sifatida foydalansa maqsadga muvofiqdir.  

O‘zA muxbiri

Nasiba Ziyodullayeva

yozib oldi