Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daydi itlar boshpanasidan reportaj
17:19 / 2021-12-24

Ko‘pchiligimiz bolaligimizda, ayniqsa, itlar hayoti aks etgan filmlarni sevib tomosha qilganmiz. Hatto ta’sirli epizodlarni ko‘rib, ko‘z yosh ham to‘kib olamizu, ammo hayotda o‘zimiz yordamga muhtoj jonivorlarga duch kelib qolsak, ulardan jirkanib, turtkilab, uzoqroqdan o‘tib ketishga harakat qilamiz. Bugun bizni tashvishga solayotgan holat ham aynan jonivorlarning hayoti bilan bog‘liq voqealar.

Hayotda shunday jonivorlar borki, ularning qahramonliklari, jamiyatga tegayotgan yordamlari xususida eslamaclikning imkoni yo‘q. Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasi kinologiya xizmati bo‘limida xuddi ana shunday odamlarga nafi tegadigan xizmat itlari parvarish qilinadi.

Bu yerda parvarish qilinayotgan xizmat itlarining asosiy vazifasi ichki ishlar xodimlariga jinoiy guruhlarni aniqlash, odamlarni qutqarishda yordam berishdan iborat.

Bizni o‘ylantirayotgan masala esa jamoatchilikni tashvishga solayotgan og‘riqli holatlar bilan bog‘liq.  Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda hayvonlarga ozor bergan insonlarning o‘z vahshiyliklarini reklama qiluvchi videoroliklari ko‘payib bormoqda. Bu esa farzandlarimizni bemehr, hech bir vahshiylikdan cho‘chimaydigan darajaga keltirib qo‘ymaydimi, degan savolga to‘xtalishga sabab bo‘ladi.

Hayvonlarni qiynoqqa solib, terisini shilib, barmoqchalarini kesib, tiriklayin yoqib yuborayotgan insonlar ertaga atrofidagi yaqin kishilarga ham yomonlikni ravo ko‘rmaydi, deb ayta olamizmi? Yo‘q, aytolmaymiz albatta. Chunki bugun ijtimoiy tarmoqning ta’sir kuchi oila muhitidagi ko‘pgina milliyliklarni ham yutib yubormoqda. Ayrim bolalarning beti ham, eti ham qotib, yomonliklarni ko‘rsa, undan jirkanmaydigan xolatga kelib qolmoqda.

Bu dunyo ikki qavatdan iborat, deyishgani rost ekan. Oq rangning ortida qora rang bo‘lganidek, har qanday yomonlikning oldida yaxshiliklar ham bo‘ladi. Toshkent viloyati Qibray tumaniga qarashli “Zafarobod” qishlog‘ida joylashgan “Hayot” nomli qarovsiz qolgan hayvonlarni himoya qilish jamiyati rahbari Iroda Matkarimova ana shunday hayvonlarni boshpana bilan ta’minlayotgan savobtalab insonlardan biri.

– Bu yerda to‘rt ming nafarga yaqin itlar saqlanadi, – deydi Iroda Matkarimova. – Maydonimizning kengligi 3 gektarni tashkil qiladi. Ammo hozirgi kunda shu joy ham bizga torlik qilib qolmoqda. Chunki karantin paytlarida volontyorlar tomonidan jamiyatimizga juda ko‘plab ko‘chada qolgan sarson-sargardon bo‘lgan daydi itlar keltirildi. Ularning har birlarini o‘ziga yarasha taqdiri bor. Birining boshiga g‘isht bilan urib, miyasini bo‘lib yuborishgan, biridan esa uy qo‘riqchisi sifatida foydalanib, keksayib kuchdan qolgach, ko‘chaga xaydab yuborishgan yoki dala xovlisida oylab ochlikda qolishga majbur qilishgan.

Biz bu itlarni asosan savobtalab insonlarning beminnat yordamlari bilan boqib, davolab, yashashlari uchun imkon qadar sharoit yaratishga harakat qilyapmiz. Hozirgi itlar yashab turgan joyda sharoit yaxshi, deb aytolmayman. Kelajakda ular uchun bundan ham yaxshiroq sharoitlar yaratish niyatidamiz. Bu maqsadlarning barchasi esa katta mablag‘ bilan bog‘liq.

Ish boshqaruvchi Dilrabo Fayzullayeva bu yerda yashayotgan itlarning sog‘liqlarini asrash, oziq-ovqat bilan ta’minlash borasida hech qanday muammo yo‘qligini, faqat ularni ham kimdir asrab olishlari, mehribon egasi bo‘lishini istashini bildirdi.

Xorijdagi ko‘plab mamlakatlarda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Misol uchun AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Yaponiya, Hindiston kabi mamlakatlarning qonun hujjatlariga  muvofiq, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish jinoyat, deb hisoblanadi va katta miqdorda jarima solishga yoki ozodlikdan mahrum qilish ko‘rinishida jazo qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

Xo‘sh, bizning qonunchiligimizda jonivorlarga ozor yetkazgan insonlarga qanday choralar ko‘riladi?

Yurtimizda ham hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy qilindi.

Joriy yilning 25 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jinoyat kodeksiga hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish to‘g‘risidagi modda kiritilgani yurtimizda ham jonivorlarga nisbatan ayrim odamlarning munosabatlari yaxshi tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ladi, deb ishonamiz.

Qonunga ko‘ra, endilikda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda ularni qiynoqqa solish yoxud ularga azob berish ularning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelsa, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha ozodlikni cheklash yo bo‘lmasa olti oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu qonun 2021 yilning  27 noyabridan kuchga kirdi.

Jonivorlar ham biz insonlar kabi tabiatning bir bo‘lagidir. Shunday ekan ularga ozor berishni to‘xtataylik. Ular hamisha bizning mehrimiz, e’tiborimiz, g‘amxo‘rligimizga muhtoj ekanliklarini unutmaylik.

<iframe width="1440" height="757" src="https://www.youtube.com/embed/FjC30pObqLs" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

 

Nigora Rahmonova, 
Nishonboy Abduvoitov, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA