Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davron Risqaliyev: Davlatimiz rahbari bilan bo‘lgan uchrashuv bizga o‘zgacha kuch va g‘ayrat bag‘ishladi
12:32 / 2025-12-19

Kecha rasmiy tashrif bilan Tokio shahriga borgan davlatimiz rahbarini Yaponiyada mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz qizg‘in kutib oldi. Aytish mumkinki, bu tarixiy uchrashuv yurtdoshlarimizga o‘zgacha taassurot va yuqori kayfiyat bag‘ishladi.

“El yurt umidi” jamg‘armasi stipendianti, Nagoya universiteti doktoranti Davron Risqaliyev ham uchrashuvda ishtirok etib, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. 

– Kunchiqar yurtda tahsil olayotgan talabalar, mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlarimiz bu jonli muloqotni uzoq kutishgan edi, -deya gap boshlaydi u. – Bilasizmi, bunday tarixiy voqea kishiga o‘zgacha kuch g‘ayrat, shijoat bag‘ishladi. Boisi o‘zga yurtda davlat rahbari bilan yonma-yon turish, samimiy suhbat qilish bu katta baxt, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni kuzatib borish boshqa, ayni shu jarayonlar haqida Prezidentning o‘zidan eshitish kishida butunlay o‘zgacha taassurot uyg‘otar ekan.

Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda investitsiyalarni jalb qilish miqdori keskin oshgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida mamlakatimiz investitsiya uchun juda katta eshik ochgan davlatlar sirasiga kirgani e’tirof etildi. 

2019 yilda Sh.Mirziyoyevning Yaponiyaga amalga oshirilgan tashrifida 10 dan ziyod turli kompaniya, tashkilot rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazilgan bo‘lsa, bu galgi tashrif doirasida 60 dan ortiq yirik kompaniya va ularning yuzga yaqin xodimlari bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilishi belgilangan. Bu esa o‘lkamizga yanada ko‘p investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi. 

Muloqotlar davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni kengaytirishga alohida etibor qaratilishi aytib o‘tildi. Boisi, ayni shu sohada Yaponiya ulkan tajribaga ega davlat sanaladi.

Davlatimiz rahbari biz, yoshlarga katta ishonch bildirib, mamlakatimiz rivojida munosib hissa qo‘shishimiz kerakligini alohida ta’kidladi. Bu e’tibor va ishonch bizga katta mas’uliyat yuklaydi. 

Go‘zal Sattorova, O‘zA