Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davrimiz jurnalisti - Irismat Abduxoliqov (+video)
15:08 / 2026-01-27

Bugun poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida taniqli ustoz jurnalist Irismat Abduxoliqovning “Davr jurnalist nigohida” – nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur kitobda muallif o‘z faoliyati davomida yuzma-yuz kelgan, hamkorlik qilgan, muloqotga kirishgan tanish va notanish shaxslar obrazini yaratar ekan, Irismat Abduxoliqov uslubiga xos bo‘lgan xolislik, tiniqlik va samimiylik yaqqol namoyon bo‘ladi. Xususan, respublikamizni salkam chorak asr boshqargan Sharof Rashidovich Rashidov siymosi alohida hurmat va muhabbat bilan tasvirlangan.  

Kitobda muallifning O‘zbekistonning deyarli barcha viloyat, tuman va qishloqlaridan, shuningdek, Vashington, Nyu-York, Moskva, Dehli, Anqara, Makka va Madina shaharlaridan tayyorlab, voqea sodir bo‘layotgan joydan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatgan reportajlari matnlari ham o‘rin olgan. Shuningdek, to‘plamga televideniye va radioning ilmiy-nazariy asoslariga bag‘ishlangan maqolalar ham kiritilgan.

Taqrizchilardan biri quyidagicha yozadi: “Davr jurnalist nigohida” kitobidan joy olgan yuzdan ortiq xotira-lavhalarning birortasi ham befarq o‘qilmaydi. Hayotning past-balandlarini ko‘rgan, tajribali, donishmand yoshidagi muallif har bir sahifada olam va odam, shaxs va jamiyat, matbuot va davlat munosabatlariga doir hayot haqiqatlarini yoritib, o‘quvchini o‘tmishdan bugunga, bugundan kelajakka bog‘lovchi boqiy mezonlar manzaralaridan bahra olishga undaydi.

“O‘z sohasida mavqega erishgan, cho‘qqilarni zabt etgan har bir inson oddiy odam hisoblanmaydi”, — deb yozgan edi mashhur teleshou qiroli Larri King. Irismat Abduxoliqov ham teleradio muxbir, dunyo kezgan xalqaro sharhlovchi sifatida ulkan ijodiy yo‘lni bosib o‘tdi, ko‘plab hamkasblarimiz orzu ham qilolmagan mavqelarga erishdi, cho‘qqilarni zabt etdi. Ushbu asar katta-kichik kitobxonlarni ana shunday marralarga intilishga chorlaydi, ruhiy qanot bag‘ishlaydi, deb xulosa qiladi Xurshid Do‘stmuhammad.

Kitobda taqdim etilgan tarixiy jarayonlarning eng qaynoq nuqtalaridan tayyorlangan axborotlar, reportaj va ko‘rsatuvlar matnlari o‘sha davr manzaralarini ko‘z o‘ngimizda qayta jonlantirishi barobarida, jurnalistikaning barcha sohalari vakillari hamda talaba yoshlar uchun muhim o‘quv-amaliy qo‘llanma vazifasini ham o‘taydi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Ms5thBncib4" title="Davrimiz jurnalisti - Irismat Abduxoliqov" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA