French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davraga kel, dugonajon!
15:59 / 2025-07-11

Navoiy shahridagi “Vatan” mahalla fuqarolar yig‘inida viloyat Oila va xotin-qizlar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Yoshlar ishlari, Sog‘liqni saqlash boshqarmalari, “Qizlarjon” klubi, “Oqila ayollar” harakati, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi, “Madadkor yoshlar” markazi, “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi, “Lider” yoshlar va ayollar markazi hamkorligida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida “Davraga kel, dugonajon!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mahalladagi 14 yoshdan katta qizlar va ularning onalari ishtirok etgan tadbirda guruhlarga bo‘lingan holda psixologik trening va yosh qizlar o‘rtasida shaxmat musobaqasi tashkil etildi.

– Qizlar tarbiyasi nafaqat bir oilaning, balki butun jamiyatning kelajagini belgilaydigan muhim jarayondir, – deydi “Qizlarjon” klubi bosh koordinatori Gulhayo Ravshanova. – Mamlakatimizda esa ta’lim-tarbiya jarayoniga alohida e’tibor qaratilgan. Xotin-qizlar uchun barcha yo‘nalishlarda imkoniyat va imtiyozlar, qulayliklar yaratib berilmoqda. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan xotin-qizlarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berilmoqda. Magistraturada o‘qishni istagan qizlarimiz uchun kontrakt to‘lovi to‘lab berilyapti. Kasb-hunarni o‘rganish istagida bo‘lgan xotin-qizlar esa bepul kasblarga o‘qitilib, ishga joylashtirilmoqda. Imtiyozli kreditlar olib tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan opa-singillarimiz ham ko‘pchilikni tashkil etadi. 

Tadbirda xotin-qizlarning muammo va takliflari o‘rganilib, ularga yechim izlandi. Oilaviy hayotga to‘la-to‘kis tayyorlash, erta nikoh, erta tug‘ruq va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari tushuntirilib, “Usta-shogird” an’anasi asosida kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida tushunchalar berildi.  

– Men tadbirga onam bilan birga keldim, – deydi Bahora Qahhorova. – Mahallada tengdoshlarim bilan shaxmat musobaqasida ishtirok etib, g‘olib bo‘ldim. Endi har hafta mahalla kutubxonasiga kelib ushbu musobaqalarni davom etiramiz. Kitoblar o‘qiymiz. Tadbirda onam ham psixologik treningda faol ishtirok etdi.  

Tadbir so‘nggida faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan kitoblar jamlanmalari sovg‘a qilindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri