Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Ilmli ayol — jamiyat ko‘zgusi” hamda “Ilm va ayol: barqaror jamiyat sari” mavzularida davra suhbati yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbir xotin-qizlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, ularning jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, shuningdek, ilm-fan va sport sohalarida ayollar o‘rnini yanada mustahkamlashga qaratildi. Davra suhbatida markaz o‘qituvchilari, mutaxassislar hamda yosh pedagoglar faol ishtirok etishdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar ayollarning ilm-fan, ta’lim va sport sohalarida erishgan yutuqlari, ularning jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan beqiyos hissasi haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirdilar. Ta’kidlanganidek, bilimli va ma’rifatli ayol nafaqat oila tayanchi, balki jamiyatning ma’naviy ustuni ham hisoblanadi.
Bugungi kunda ayollarning zamonaviy ilm yo‘nalishlarida, innovatsion loyihalar va sport musobaqalarida faol ishtirok etayotgani mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash va keng imkoniyatlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ifodasidir.

Mazkur davra suhbatida xotin-qizlarning qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni ilmiy izlanishlarga yo‘naltirish, kasbiy mahoratini oshirish muhim vazifalardan biri ekani alohida qayd etildi.
Suhbat ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘z tajribalari, fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar. Ayniqsa, yosh pedagoglar va qizlarning ilmga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni xalqaro tanlovlar va ilmiy anjumanlarda ishtirok etishga rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir yakunida markazning ingliz tili fani o‘qituvchisi Nazokat Nizomova hamda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Dilnoza Namuratovalar MDH miqyosida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovda munosib ishtirok etishgani uchun “El-yurt faxri” guvohnomasi va ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishdi.
Ushbu e’tirof nafaqat ularning shaxsiy yutug‘i, balki markaz jamoasining samarali mehnati hamda ta’lim sifati yuqori darajada ekanining yana bir yorqin dalilidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri