Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Davr ziynati” muzqaymoqlari
15:49 / 2015-05-01

Qarshi shahridagi “Davr ziynati” xususiy korxonasida buyurtma asosida tayyorlanayotgan 30 turdagi muzqaymoqlarga talab ortib bormoqda.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda.

Davlatimiz rahbarining 2009-yil 15-maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Qarshi shahridagi “Davr ziynati” xususiy korxonasida buyurtma asosida tayyorlanayotgan 30 turdagi muzqaymoqlarga talab ortib bormoqda.

– Sexlarimiz xorijdan keltirilgan zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan, – deydi korxona rahbari O‘ktam Ochilov. – Ayni paytda mahsulot sifatini yanada yaxshilash va turini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bugungi iste’molchining didi nozik, tanlash imkoniyati keng. Shunday ekan, faoliyatni muntazam takomillashtirib borish tadbirkorlikning birinchi talabidir.

2004-yilda faoliyatini boshlagan korxona dastlab 2 turdagi muzqaymoq ishlab chiqardi. Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalangan O‘.Ochilov korxonani bosqichma-bosqich modernizatsiya qildi. Xorijdan 252 ming AQSh dollari evaziga soatiga 6 mingta muzqaymoq tayyorlash quvvatiga ega zamonaviy texnologiya keltirib o‘rnatdi. Natijada to‘liq quvvat bilan ishlayotgan korxonada mahsulot turi o‘ttizga, ishchilar soni yigirma nafarga yetdi.

Korxona rahbarining ta’kidlashicha, ichki bozorda mustahkam o‘rin egallayotgan korxona mahsulotlari Buxoro, Jizzax va Surxondaryo viloyatlariga ham shartnoma asosida yetkazib berilmoqda. Ayni paytda qo‘shimcha tarmoq sifatida shokolad va quyiltirilgan sut ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.