Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davosda Yevropa qat’iyati: bosimga qarshi birlik sinovi
16:11 / 2026-01-21

So‘nggi kunlarda Donald Trampning Grenlandiyani o‘z nazoratiga olish haqidagi bayonotlari Yevropa va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirdi. Bu masalada Trampning bosim o‘tkazish uchun yuqori boj va tariflar joriy etish tahdidi esa Yevropa yetakchilarini ochiq qarshilik pozitsiyasida birlashtirdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqi “kuchlilar qonuni”ga bo‘ysunmasligini qat’iy ta’kidladi. Uning aytishicha, hududiy yaxlitlik va xalqaro huquq savdo bosimi orqali buzilmasligi kerak. Yetakchi AQSHga qarshi maxsus iqtisodiy mexanizm — “Anti-koersiya” instrumenti (Yevropa davlatlariga siyosiy bosim o‘tkazgan mamlakatlarga qarshi savdo va moliyaviy cheklovlar qo‘llash)ni ishga tushirish haqida o‘ylayotganini aytib, buni “juda xavotirli holat” deb baholadi.

Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen dunyodagi tezkor va keskin o‘zgarishlar Yevropani mustaqilroq siyosat yuritishga undayotganini ma’lum qildi. U Yevropa endi tashqi bosimlarga moslashish emas, balki o‘z manfaatlarini himoya qilish yo‘lini tanlashi kerakligini bildirdi.

Belgiya bosh vaziri Bart De Vever Yevropa “burilish nuqtasida” turganini aytib, Trampni tinchlantirishga urinishlar samara bermaganini tan oldi. Uning fikricha, agar o‘z vaqtida birlashilmasa, har bir davlat alohida-alohida bosim ostida qoladi.

Shvetsiya bosh vaziri o‘rinbosari Ebba Bush esa Tramp bilan muomala qilishda xushomad ishlamasligini ochiq bayon etdi. U Yevropa ehtimoliy savdo javob choralarini oldindan tayyorlab qo‘yishi zarurligini qayd etdi.

Shu bilan birga, Davosda qatnashayotgan ayrim ishbilarmonlar va kompaniya rahbarlari Yevropa yetakchilarining javobini haddan tashqari hissiyotli deb baholamoqda. Ularning fikricha, Trampning keskin uslubidan qat’i nazar, muzokara yo‘li yopilmasligi kerak.

Vaziyatning yana bir murakkab tomoni — Ukraina masalasi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Davosdagi uchrashuvlarda qatnashishga tayyorligini, biroq bu faqat AQSH tomonidan aniq xavfsizlik kafolatlari va nizodan keyingi tiklanish rejasi bo‘lsa, mazmunli bo‘lishini bildirdi.

Yevropa yetakchilari yaqin kunlarda Bryusselda favqulodda sammit o‘tkazib, Qo‘shma Shtatlarning ehtimoliy tariflariga qanday javob berish masalasini muhokama qiladi. Grenlandiya atrofidagi mojaro esa tobora savdo bahsidan kengroq — Yevropaning siyosiy mustaqilligi va global o‘rni haqidagi masalaga aylanib bormoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA