Davlatimiz rahbarining 2017 yil 10 oktyabr kungi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shu jumladan davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazish jarayonida, sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda himoya qilish belgilangan.
– Qarorga muvofiq, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular faoliyatida paydo bo‘layotgan muammolarni o‘rganib, bartaraf qilish yuzasidan sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etib kelmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i Jayilxan Musulmanov. – Xususan, Kengash 2022 yil davomida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ko‘zlab, jami 89 milliard 781,2 million so‘mlik 562 ta da’vo arizasi kiritilib, sud tomonidan ko‘rib chiqilgan va 84 milliard 281,2 million so‘mlik 543 ta da’vo arizasi qanoatlantirilib, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari foydasiga undirib berilgan.
Kengash tomonidan Nukus tumani “Kerder” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “QONIRATBAY MEXRI” fermer xo‘jaligi manfaatini ko‘zlab, Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga 991 million 439 ming 296 so‘m pul mablag‘i va 198 million 287 ming 859 so‘m penyani undirish to‘g‘risida da’vo ariza kiritilib, 2022 yil 18 avgustda sud tomonidan ko‘rib chiqildi va “QONIRATBAY MEXRI” fermer xo‘jaligi foydasiga 991 million 439 ming 296 so‘m pul mablag‘i hamda 40 million so‘m penya undirildi.
Chimboy tumani “Qamis ariq” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Asadbek Tulpar” fermer ho‘jaligi manfaatiga esa Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudiga 368 million 288 ming 799 so‘m asosiy qarz va 184 million 144 ming 399,50 so‘m penyani o‘ndirish bo‘yicha da’vo ariza kiritildi. Mazkur da’vo arizasi 2022 yil 10 oktyabr kuni Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, fermer xo‘jaligi foydasiga hal qiluv qarori chiqarildi.
Bundan tashqari, Xo‘jayli tumani hududidagi “XUJEYLI KELAJAGI” fermer xo‘jaligi manfaatiga Kengash tomonidan fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan hududdan majburiy tartibda chiqarib yuborish bo‘yicha kiritilgan da’vo arizasi 2022 yil 29 avgustda Nukus tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqilib, da’vo arizasi qanoatlantirildi.
Shuningdek, Kengash o‘z faoliyati davomida fermer xo‘jaliklari manfaatini ko‘zlab, ma’muriy organlarning va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlarini haqiqiy emas, ularning mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish yuzasidan ham ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, Qo‘ng‘irot tumani “Ravshan” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “ASAL SHIRIN FERMER” fermer xo‘jaligi manfaatini ko‘zlab, tuman hokimining qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida kiritilgan da’vo arizasi Nukus tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan qanoatlantirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat olib borayotgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishborasidagi ishlar yangi yilda ham davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA