Namangan shahrining Davlatobod tumanida yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tuman hokimi hisobot berdi. Unda yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati mutlaqo o‘zgarib, yangicha ishlash natijasida ertamiz egalarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning taklif-tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yoshlar bilan ishlashning yaxlit vertikal - “mahalla – tuman –viloyat – respublika” tizimi yaratildi. Har bir shahar va tumandagi mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.

Davlatobodda ham mamlakatimiz rahbarining mahallalardagi vakili sanalgan bu vazifaga nomzodlar saralandi. Yuz nafardan ortiq yosh bilan uchrashilib, ular orasidan 28 ta mahallaga 24-30 yoshli, besh yilgacha ish tajribasiga ega bo‘lgan munosib nomzodlar tanlab olindi.
Yetakchilar faoliyati samarali bo‘lishini ta’minlash, ularga zarur sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy planshet olib berildi va alohida joy, kompyuter jamlanmasi, mebel jihozlari bilan ta’minlandi.
Qayd etilganidek, respublika bo‘ylab yoshlar muammolarini o‘rganish, ularga amaliy yordam berish va shu orqali ularni faol hayot tarziga qaytarish maqsadida "Yoshlar daftari" elektron platformasi ishlab chiqilib, shu asosda bir qancha amaliy ishlar bajarilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida yoshlar yetakchilari tomonidan mahallalarda “Xonadonbay” va “Fuqarobay” tizimi asosida uch marta xatlov ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida 14-30 yoshli fuqarolar o‘rtasida 86 mingga yaqin o‘g‘il-qizdan iborat yoshlar balansi shakllantirildi. Qolaversa, shu yilning o‘zida mingga yaqin navqiron avlod vakili “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Hozirga qadar esa maxsus ro‘yxatdagi 829 nafar yoshga turli yordam ko‘rsatildi.

Davlatobod tumani hokimi Anvarjon Tojimirzayevning qayd etishicha, 2022 yil avvalida, "Yoshlar daftari" jamg‘armasiga jami 2 milliard 327 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, shu kungacha 726 yoshga yordam ko‘rsatish va 74 nafariga iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash hamda Besh muhim tashabbus tadbirlarini moliyalashtirish kabi xayrli ishlarga yo‘naltirildi. Xususan, viloyat mahalliy byudjeti hisobidan 500 million so‘m evaziga 28 ta mahallaga sportni rivojlantirish maqsadida zarur jihozlar sotib olindi.
Joriy yilda tuman hokimi boshchiligidagi sektorlar rahbarlari tomonidan har bir sektorda 50 tadan jami 200 ta uchrashuv uyushtirilib, unda 2892 nafar yosh qatnashdi. Qabullar davomida bildirilgan 946 ta murojaat va taklifning 744 tasi ijobiy hal etildi.
Madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirda oliy ta’lim muassasalarida shartnoma asosida o‘qiyotgan talabalarning to‘lov-kontrakt pullarining bir qismini qoplash, asbob-uskunalar, bir martalik moddiy yordam, haydovchilik kursi xarajatlari, harbiy xizmat to‘lovlari, davolanish, yosh oilalarga turar-joy ijara uchun hamda zamonaviy kasblar o‘quv kursini qoplash va biometrik pasport olishi kabi yo‘nalishlarda jami 123 nafar o‘g‘il-qizga jami 300 million so‘mlik sertifikat taqdim qilindi. Tegishli yordam turlari (jihozlar) o‘z egalariga yetkazildi.

Tumandagi Gulshan mahallasida yashovchi Nosirjon Hoshimjonov 23 yoshda. Taqdirning og‘ir zarbalarini barvaqt boshidan kechirgan. 12 yoshida onasi, 14 yoshida otasidan ayrilgan yigitni mahalladoshlari yolg‘izlatib qo‘ymadi. Yaqinda yigitlik burchini o‘tagan yigitga yoshlar yetakchisi Diyora Jo‘raboyeva tavsiyasi asosida SCHR to‘lovlarini qoplash maqsadida 6 million so‘m mablag‘ ajratib berildi.
– Yangi yil bayramini yaxshi kayfiyatda kutib oladigan bo‘ldik. Taqdirlash tadbiri "Yoshlar daftari"ga kiritilgan biz, yoshlar uchun unutilmas kunga aylandi, – deydi tumandagi Umid mahallasida istiqomat qiluvchi Gulhayo Asqarova. – Ayni vaqtda Janubiy Koreyaning Yodju Toshkent universitetining Namangan filialida yo‘l harakatini boshqarish yo‘nalishida o‘qiyman. Yillik to‘lov kontraktimning 25 foizi, ya’ni 3 million so‘mini qoplab beradigan bo‘ldi. Bunday rag‘bat oilamiz byudjetiga ham katta foyda. E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ruhlangan holda chuqur bilim egallab, kelgusida ichki ishlar tizimida harakat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida sidqidildan xizmat qiladigan munosib kadr bo‘lib yetishishga intilaman.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Yoshlar O‘zbekistonning eng buyuk boyligi, bebaho xazinasi”dir. Zero, yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qancha kuchaytirilsa, samarasi ham shuncha yuqori bo‘ladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA