FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumani “G‘alaba” turizm ko‘chasida nafaqat servis va xizmat ko‘rsatish, balki tibbiyot turizmi ham jadal rivojlanmoqda.
Ushbu ko‘chada “Ra’no Med” klinikasining to‘rtinchi filiali o‘z faoliyatini boshladi. Uning tantanali ochilish marosimida nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
[gallery-26732]
Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov mamlakatimizda tibbiyotni transformatsiya qilish, xalq salomatligini asrash yo‘lida qilinayotgan ishlarni sanab o‘tib, bu sohada xususiy sektorning ulushi ortib borayotganini qayd etdi. Hozirda viloyatning o‘zida 565 ta xususiy klinika faoliyat ko‘rsatayotgani buning dalili. Holbuki, mazkur raqam 2-3 yil avval 200 ta edi.
Yangi klinikaning loyiha qiymati 2 million AQSH dollarini tashkil etadi. Klinikaga Germaniya va Xitoydan zamonaviy jihozlar olib kelingan hamda 20 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Qandli diabetni aniqlash va davolashga ixtisoslashgan mazkur klinikada ushbu kasallik bilan og‘rigan bemorlarni davolash uchun barcha sharoit yaratilgan. Ayniqsa, ular jarrohlik amaliyotlari uchun endilikda mamlakatimiz poytaxti yoki xorijga borishlariga to‘g‘ri kelmaydi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA