FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi “Silk Granat” milliy hunarmandchilik majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “G‘urumsaroy” xalq hunarmandchiligi va kasb-hunarga o‘rgatish markazining “Yangi O‘zbekistonda G‘urumsaroy kulolchilik an’anasi” mavzuidagi loyihasi doirasida kulolchilik ishlari ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat bo‘limi a’zosi Vahobjon Buvayev va uning shogirdlari tomonidan ishlangan 100 dan ziyod kulolchilik hamda boshqa amaliy san’at namunalari namoyish etilmoqda.
[gallery-17392]
Ko‘rgazma ochilishida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari, usta hunarmandlar, talaba yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, G‘urumsaroy kulolchiligi an’analari rivojlanishini usta Vahobjon Buvayev ijodida ko‘rish mumkin. Usta 1969 yilda G‘urumsaroyda tavallud topgan bo‘lib, kulolchilik sirlarini mohir usta Maqsudali Turopovdan o‘rgangan. Bugungi kunda hunarmand ishqorli sir olishda “gulyak” o‘tlar yig‘indisidan foydalanish, buyumlar shaklini kulolchilik dastgohida ishlash, bezakdor naqshlarni qo‘lda chizish kabi an’anaviy texnologiyalarni qo‘llaydi. Lagan, bodiya, chetlari tashqariga qayrilgan tog‘oralar va turli mayda buyumlar (qaymoqdon, xurmo, sut uchun ko‘zalar) ustaning sevimli kulolchilik buyumlaridir.
Vahobjon Buvayev o‘z kulolchilik namunalari bilan mamlakatimiz hamda xalqaro miqyosdagi qator ko‘rgazma va festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Xususan, o‘tgan yili Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida o‘tkazilgan Xalqaro kulolchilik forumida hunarmand “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan kulol” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.
Namangandagi “G‘urumsaroy” xalq hunarmandchiligi va kasb-hunarga o‘rgatish markazi usta Vahobjon Buvayevning sa’y-harakatlari bilan tashkil etilgan. Ushbu markaz faoliyatining asosiy maqsadi talabalar, maktab o‘quvchilari, yosh xotin-qizlar, imkoniyati cheklangan shaxslarni xalq hunarmandchiligiga va kasb-hunarga o‘rgatish, kasb mahoratini oshirishga ko‘maklashishdan iborat.
Kulolchilik ko‘rgazmasi may oyining oxiriga qadar davom etadi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA