English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlatning xususiy sheriklar bilan hamkorlikdagi loyihalari yaxshi samara beradi
12:57 / 2020-04-22

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda kambagʻallikni yoʻqotish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda kambagʻallikni yoʻqotish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, iqtisodiy yuksalishning yangi tamoyili – davlat-xususiy sheriklik tizimi asosida koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu kabi maqsadlarni koʻzda tutuvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Bu jarayonda xalqaro moliya tashkilotlari ham faol ishtirok etayotgani tizim samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

OʻzA muxbirining Xalqaro moliya korporatsiyasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy rahbari Kassandra Kolbert xonim bilan suhbati shu mavzu atrofida boʻldi.

– Jahon banki guruhiga kiruvchi tashkilotimiz dunyoda kambagʻallikni tugatishga qaratilgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Bu jarayonda biz xususiy sektor faoliyatini ragʻbatlantirishga, yangi loyihalarni moliyalashtirishga intilamiz.

Taʼkidlashni istardikki, Oʻzbekiston biz uchun muhim strategik ahamiyatga ega mamlakat. Shu bois, ishlab chiqarish, xizmatlar, agrobiznes va energetika kabi sohalarga sarmoya kiritmoqchimiz. Kichik va oʻrta biznes korxonalarini qoʻllab-quvvatlash uchun kredit va lizing amaliyotlarini bajaruvchi moliyaviy tashkilotlar bilan ham hamkorlikni davom ettiramiz.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosidagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishni ragʻbatlantirib kelayapmiz. Boshqa xalqaro moliya tashkilotlari bilan birgalikda bank va kimyo sektoridagi xususiylashtirish boʻyicha davlat dasturlarini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Yana bir gap. Oʻzbekiston iqtisodiyoti yuksalishiga ishonchimiz komil. Mamlakatingiz iqtisodiyotni isloh qilish va oʻz xalqiga imkoniyatlar yaratish boʻyicha qatʼiy chora-tadbirlarni amalga oshirayotgani shu fikrga kelishimizga asos boʻldi.

– Xalqaro moliya korporatsiyasi Oʻzbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalarga qanday munosabat bildiradi?

– 2018-yildan eʼtiboran Xalqaro moliya korporatsiyasi Jahon banki bilan birgalikda Oʻzbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishga oʻz hissasini qoʻshib keladi.

Fikrimizni Navoiy viloyatidagi fotoelektrik stansiya qurilishi misolida davom ettiramiz. Oʻtgan yilning oktyabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar Clean Energy” kompaniyasi quyosh energiyasini 1 kilovatt/soat uchun atigi 2,67 sentdan yetkazib berish taklifi bilan tender gʻolibi sifatida tanlab olindi. Bu rivojlanayotgan bozorlar ichida eng arzon tariflardan biridir. Jahon banki guruhining “Scaling Solar” dasturlari doirasida taklif etilgan bu loyiha tez orada mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish tuzilmasiga 100 MVt sof qayta tiklanadigan energiya qoʻshadi.

Oʻzbekiston IFC koʻmagida qoʻshimcha 400 MVt uchun tender eʼlon qildi. Hozir ushbu loyihalar ustida ishlayapmiz. Aytish mumkinki, kelajakda quyosh elektr stansiyalarini energiya toʻplovchi batareyalar bilan birgalikda mujassamlashtirish nazarda tutilmoqda.

Yana bir yangilik, biz Sirdaryo viloyatida 1200-1500 MVt quvvatga ega bugʻ-gazli elektr stansiyasini qurish boʻyicha davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihani shakllantirish uchun shaffof va raqobatli tender jarayonini tuzishda yordam beryapmiz. Ushbu yirik loyiha Oʻzbekistonning energetika infratuzilmasini yangilashga hamda aholi va korxonalarni doimiy elektr energiyasi bilan taʼminlashga yordam beradi.

Oʻzbekiston yetarli darajadagi gaz zaxiralariga ega va gazda ishlaydigan elektr stansiyalar elektr tarmoqlarini boshqarishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu, oʻz navbatida, shamol va quyosh energiyasi kabi qayta tiklanadigan energiya manbalarini koʻpaytirish imkonini beradi. Zamonaviy va yuqori samara beruvchi bugʻ-gazli qurilmalar mavjud gaz qurilmalariga nisbatan gaz sarfini ikki barobarga, issiqxona gazlarining atmosferaga chiqarilishini esa sezilarli darajada kamaytiradi.

Yaqinda Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ushbu loyiha doirasida sarmoyadorlar uchun onlayn anjuman oʻtkazdik. 100 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, sarmoyadorlar, moliyaviy tashkilotlar va boshqa manfaatdor tashkilotlar loyiha boʻyicha ishlar koʻlami va tranzaksiyalar tuzilmasi, Oʻzbekiston energetika sektori hamda davlat-xususiy sheriklik boʻyicha huquqiy-normativ baza bilan tanishdi. Maqsad shaffof va raqobatli boʻlishi kutilayotgan tender jarayoniga dunyoning yetakchi sarmoyadorlarini jalb qilish.

– Davlat-xususiy sheriklik tamoyilining istiqbolli jihatlari haqida fikringiz qanday?

– Davlat-xususiy sheriklik tamoyilining eng muhim tomoni shundan iboratki, u davlatga xususiy kapital va tajribadan jamiyat foydasi uchun shaffof hamda raqobatli usulda foydalanish imkonini beradi. Davlat tomonidan moliyalashtirish cheklangan holatlarda bu eng asosiy jihat sanaladi.

Davlat sektori koʻpincha mablagʻ, texnologiya, koʻnikma va samaradorlik jihatidan ortda qoladi. Davlat-xususiy sheriklik esa asosiy xizmatlar koʻlamini kengaytirishda yordam berib, davlat sektorining xususiy sektorda turli shakllardagi ishtiroki borasidagi anʼanaviy yondashuvini toʻldiradi.

Muvozanati sogʻlom huquqiy muhitda yaxshi loyihalashtirilgan va amalga oshirilgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari davlat xizmatlarini taqdim etish samaradorligi va barqarorligini oshirishi hamda bevosita xorijiy sarmoyalarni jalb qilishi mumkin. Ammo bu kabi loyihalar mahalliy sharoitlarga moslashtirilishi kerak. Bizning bu vazifamiz esa ushbu mamlakat va uning kelajagi uchun eng maqbul boʻlgan yechimlarni topish maqsadida hukumatlar va rivojlantirish boʻyicha hamkorlar bilan birgalikda ishlashdan iborat.

OʻzA muxbiri

Shahnoza MAMATUROPOVA

suhbatlashdi.