Toshkent shahrida joriy yilning 1-2 noyabr kunlari Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining 85-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston delegatsiyalari, komissiyaning ijro etuvchi organlari hisoblangan “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari, shuningdek, komissiya kotibiyati va ilmiy-axborot markazi rahbarlari ishtirok etdi.
Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Hamroyev, Qozog‘iston Respublikasi suv resurslari va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov, Tojikiston Respublikasi energetika va suv resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari J. Shoyimzoda, Turkmaniston Respublikasi Suv xo‘jaligi qo‘mitasi raisi D. Genjiyevning chiqishlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Hamroyev 2023 yil vegetatsiya mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazishda qo‘shgan hissasi uchun komissiya tarkibiga kiruvchi barcha ijrochi tashkilotlar, jumladan, “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari va ularning hududiy bo‘linmalari, komissiya kotibiyati va ilmiy-axborot markazi vakillariga minnatdorlik bildirdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining o‘zaro hamkorlikda olib borayotgan do‘stona siyosati natijasida suv xo‘jaligi sohasida aloqalarning mutlaqo yangi muhiti shakllanganini ta’kidladi. Shuningdek, o‘zaro sa’y-harakatlar, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va ishonchli munosabatlar Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslaridan adolatli va oqilona foydalanish uchun mustahkam zamin yaratgani qayd etildi.
Vazir O‘zbekiston hukumati mintaqaning barcha respublikalari bilan davlatlararo suv hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha konstruktiv muloqotlarni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qilib, Markaziy Osiyo davlatlarini bu jarayonda faol ishtirok etishga chorladi.
Yig‘ilishda mintaqada mavjud suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, Orolbo‘yi hududida suv va ekologik vaziyatni yaxshilash, 2023-2024 yillarda kuz-qish mavsumi uchun suv olish bo‘yicha prognoz limitlar bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi hamda hisobotlar eshitildi.
Komissiya a’zolari davlatlarning Amudaryo va Sirdaryo havzasi bo‘yicha 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumi uchun suv olish bo‘yicha prognoz limitlarini tasdiqladi. Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyaning navbatdagi 86-yig‘ilishini 2024 yilning yanvar oyida Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazishga kelishib olindi. Shuningdek, tashrif davomida mehmonlar Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari va yosh tadqiqotchilar faoliyati bilan tanishib, talabalar bilan muloqot qildi. Shu kuni “Yashil makon” umummilliy dasturiga uyg‘un tarzda ko‘chat o‘tqazish marosimi bo‘ldi. Tashabbuskor yoshlar bu ko‘chatlarga “do‘stlik daraxtlari” deb nom berdi. Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi a’zolari Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining laboratoriyasi, tajriba uchastkasidagi suv tejovchi texnologiyalar, shuningdek, ilmiy ishlanmalar bilan tanishdi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA muxbiri