Rossiya-Ukraina
AQSH Davlat departamenti ayni payt Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan muzokaraga zamin tayyorlamoqda. Vashington ma’muriyati bu borada turli qarashlarga ega, deb xabar berdi “Politico” nashri o‘z manbalariga tayanib.
Xitoy raisi Si Szinpin va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Balidagi suhbati chog‘i Ukraina atrofidagi mojaroga barham berish va tinchlik muzokarasini boshlash zarurligi bo‘yicha fikr almashdi.
XXR rahbari aytishicha, Pekin Kiyevga nisbatan qarashini o‘zgartirmaydi, “konstruktiv sa’y-harakatni davom ettiradi”.
“Biz Xitoy Raisi bilan birga boshqalarni Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilishga chaqiramiz”, deb yozdi Makron ijtimoiy tarmoqda.
Germaniya Kansleri Olaf Shols Qo‘shma Shtatlar va Xitoy yetakchilarining Rossiya-Ukraina ziddiyatida yadro quroli qo‘llamaslik to‘g‘risida bildirgan fikrini olqishlaydi.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Ukraina atrofidagi vaziyat haqida gapira turib, diplomatiya yo‘lidan og‘ishmaslikka chorladi.
“Ikkinchi Jahon urushi sayyoramizga mislsiz talofat keltirdi. Shundan keyin dunyo yetakchilari tinchlik va barqarorlik yo‘lida jiddiy sa’y-harakat qildilar. Endi navbat sizlarga”, dedi u Bali sammitidagi nutqida.
“Katta yettilik” mamlakatlari yakuniy deklaratsiyasida Ukraina atrofidagi harbiy amaliyot qoralanib, “urush davri”ni rad etishga kelishib olindi, deb yozdi “Financial Times” gazetasi.
Nashr qayd etishicha, mazkur hujjat matni bo‘yicha G‘arb mamlakatlari, Rossiya va Xitoy rasmiylari bilan olib borilgan bir necha kunlik muzokara natijasida kelishildi.
Prezident Vladimir Zelenskiy Ukrainaning nochor energetika infrastizim inshootlariga ekspertlar missiyasini jo‘natish taklifini kiritdi.
“Bunday missiya mamlakatimizga kelishi xalqaro hamjamiyatning Ukraina va Yevropadagi energiya bilan bog‘liq vaziyatni o‘nglash, qolaversa, global energiya bozori barqarorligini ta’minlaga qo‘shgan salmoqli hissasi bo‘lar edi”, deya bayonot berdi Zelenskiy “G20” sammitidagi onlayn chiqishida.
Bali sammitida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Zelenskiyga “G‘arbning muzokara bo‘yicha bergan maslahatini eshitmayapti”, deya baho bergan.
“Anjumanda yetakchilar uch daqiqada barcha fikr-mulohazani aytib ulgurishi kerak, Ukraina rahbari nutq so‘zlashi uchun 20 daqiqa vaqt berildi. Ma’ruzani to‘xtatishning iloji yo‘q edi, chunki bu videomurojaat edi”, dedi Lavrov.
Kiyev Falastinning Iordan daryosi g‘arbiy sohili uzoq muddat davomida bosib olingani munosabati bilan tegishli xulosa olish uchun Gaagadagi xalqaro sudga murojaat qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagandan keyin Ukrainaning Isroildagi elchisi Yevgeniy Korniychuk Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan. Bu haqda “Kan” radiosi ma’lum qildi.
Vazirlikning Xalqaro tashkilotlar departamenti rahbari Amir Veysbroda “Kiyevning bu harakatini g‘azabnok, deb atagan va Ukrainaga norozilik bildirishning boshqa yo‘lini ham topamiz”, deya qo‘shimcha qilgan.
Abror XON, O‘zA