English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlatlar taqdiri va taraqqiyotini belgilovchi asosiy kuch, bu — mamlakat yoshlari
13:59 / 2024-01-15

Bugun dunyoda ro‘y berayotgan globallashuv jarayonlari har bir davlatdan qisqa fursatlarda tezkor qarorlar qabul qilish, o‘zgaruvchan siyosiy muloqotlarga shiddat bilan moslashishni taqozo etmoqda. Bu jarayonda hech shubhasiz aytish mumkinki, davlatlar taqdiri va taraqqiyotini belgilovchi asosiy kuch, bu — mamlakat yoshlari.

Shu bois, yurtimizda so‘nggi yillarda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.  

Xususan, yoshlar bilan manzilli ishlash maqsadida har bir mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun esa “Yoshlar daftar”i tashkil etildi. Bugungi kunda “Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga yetkazilib, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 5 kungacha qisqardi. Ayni kunga qadar alohida e’tiborga muhtoj 396 ming nafar yoshlar mutasaddi rahbarlarga biriktirilib, ular bilan individual ishlash orqali 331 ming nafarining hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashildi. 94 ming nafarining bandligi ta’minlanib, 56 ming nafari kasb-hunarlarga o‘qitildi.

Shu bilan birga, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandiga hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarning davlat oliy ta’lim muassasalaridagi to‘lov-kontrakt pullarining bir qismini to‘lab berish, yangi turmush qurayotganida o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurishi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratish yo‘lga qo‘yildi.

Yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish borasida so‘nggi yetti yilda ta’lim sohasidagi izchil islohotlar natijasida oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 2017 yildagi 9 foizdan 42 foizga, OTMlar soni 74 tadan 213 taga, ularda tahsil olayotgan talabalar soni 314 ming nafarda 1 million 300 ming nafarga yetkazildi.  

2021 yil 1 sentyabrdan boshlab respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida ta’lim krediti berib kelinmoqda. Magistratura bosqichida tahsil olish istagida bo‘lgan xotin-qizlarning kontrakt pullari qaytarish shartlarisiz davlat byudjetidan qoplab berilmoqda.

Shuningdek, respublikamizning eng olis hududlaridagi iqtidorli va istiqbolli yosh mutaxassislarni izlab topish, ularning xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarda, ishlab chiqarish, innovatsion va boshqa kompaniyalarda maqsadli ta’lim olishini, stajirovkadan o‘tishini tashkil etish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati, imkoniyatlari yanada kengaytirildi.

O‘tgan qisqa vaqt ichida jamg‘arma hisobidan xorijning nufuzli oliygohlarida tahsil olib, bilim va tajribasini boyitib qaytgan yuzlab yoshlarimiz yurtimizda sohalar va tarmoqlar rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Shu bilan birga, xorijiy tillarni o‘rganishga ishtiyoqi yuqori bo‘lgan yoshlarni til o‘rganish, xalqaro darajadagi sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, oxirgi 3 yil ichida xalqaro imtihon tizimlarida 70 foizdan yuqori natija qayt etgan 22 ming nafardan ortiq yoshlarga 40 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar to‘lab berilgan.

Yoshlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, ularning hayotiga bevosita aloqador bo‘lgan dolzarb masalalarni muhokama qilish va bartaraf etishga qaratilgan takliflar tayyorlashda Yoshlar parlamenti ham muhim huquqiy institut bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘tgan vaqt davomida Yoshlar parlamenti a’zosi sifatida o‘z tengdoshlari tomonidan saylangan yuzlab yoshlar qizg‘in muhokamadan o‘tkazilib qabul qilinayotgan har bir qonun loyihasi va qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar jarayonida faol va qat’iy pozitsiyasini bildirib kelmoqda.  

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, keng jamoatchilik va xalqimiz, xususan, yoshlarimiz taklif va tashabbuslari asosida yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizga ham ilk bor yoshlarga oid bir qator normalar kiritildi. Jumladan, Konstitutsiyaning 78-79-moddalarida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi, davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilandi.

Qolaversa, “O‘zbekiston-2030» strategiyasida ham yoshlar siyosati borasida boshlangan har bir tashabbus izchil va yuqori natijalar bilan davom ettirilishi belgilangan. Jumladan, yoshlarning zamonaviy kasblar bilan mashg‘ul bo‘lishini ta’minlash uchun har bir viloyatda 1 tadan “Kreativ park”lar faoliyatini tashkil etish, ularga yiliga kamida 40 ming nafar yoshlarni jalb qilish belgilangan.

Ijtimoiy himoyani kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish maqsadida 400 ming nafar yoshlar bandligini ta’minlash orqali ularning ishsizlik darajasini 14 foizdan 11 foizga kamaytirish, har yili 500 nafar iste’dodli yoshlarni xorijning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuborish nazarda tutilgan.

Xususan, “O‘zbekiston-2030» strategiyasining dastlabki yilini amalga oshirishga qaratilgan 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da ham ilm-fan, innovatsiya, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi yoshlar tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Albatta, yuqorida sanab o‘tilgan yoshlar siyosatiga oid islohotlar natijasi har bir yurtdoshimizni quvontirishi aniq. Boisi zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan, professional tayyorgarlikka ega, mamlakatimizni modernizatsiya qilish, demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir, sadoqatli yangi avlod kadrlarini tayyorlash barcha reja va maqsadlarimizni harakatlantiruvchi lokomotiv kuch sanaladi.

 

Muharram Dadaxojayeva,

“Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi raisi.  

O‘zA