Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlatlar qarzi global iqtisodiyot qiymatidan ortib ketsa...
11:58 / 2025-10-15

– Dunyo davlatlarining qarzi bir necha yildan so‘ng butun jahon iqtisodiyoti miqdoridan ortadi, – dedi Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva Vashingtondagi chiqishida. – Fiskal masalaga to‘xtaladigan bo‘lsak, bir haqiqatni aytish lozim: global davlat qarzi 2029 yilga borib, yalpi ichki mahsulotning 100 foizidan oshadi.

XVJ rahbari ta’kidlashicha, qarz miqdori o‘sishi birinchi navbatda bozor iqtisodiyoti rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda davlat qarzi ko‘payishi bilan bog‘liq:

– Qarz o‘sishi foizli to‘lov ortishiga olib keladi, xarajatga bosim o‘tkazadi, boshqa sarfni cheklaydi va hukumatning zarbani qabul qilish qobiliyatini kuchsizlantiradi. O‘rta muddatli istiqbolda global iqtisodiy o‘sish COVID-19 pandemiyasidan oldingi darajadan pasayib, yiliga uch foiz atrofida bo‘ladi. Global noaniqlik kuchayib boradi.

Georgiyeva AQSHning importga tarif siyosatiga to‘xtalib, bu choralar global iqtisodiyotning ochiqligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga to‘liq ta’sir hali sezilmaganiga e’tibor qaratdi.

XVJ rahbarining so‘zlariga ko‘ra, endi Qo‘shma Shtatlar yuqori inflyatsiyaga duch keladi. Bu jarayon pul-kredit siyosati va iqtisodiy o‘sishga ta’sir qiladi. Boshqa davlatlar AQSH bozoriga mo‘ljallangan tovarlar oqimi tezlashishini kutyapti. Natijada tarif oshirilishi yangi bosqichga kiradi.

– Dunyo hozircha o‘zaro savdo urushi holatiga tushgani yo‘q, – deya nutqini davom ettirgan mulozim. – Shunga qaramay, ochiqlik jiddiy zarar ko‘rdi. Binobarin, AQSH hali importga tarif siyosatini tugatmadi. Kelgusida yana qator davlatlar uchun boj miqdori o‘zgarishi mumkin. Shuningdek, oltinga talab ortib borayotgani ham tashvishli belgi.

Kristalina Georgiyeva jahon iqtisodiyoti barqarorlik sinoviga duchor bo‘lish xavfi ostida qolganidan ham xavotir bildirgan:

– Global iqtisodiyotning chidamliligi hali to‘liq sinovdan o‘tmadi. Ayni jarayon yaqin orada yuz berishi mumkinligi bois, xavotir alomati mavjud. Hozir oltin zaxirasi jahon rasmiy valyuta zaxirasining beshdan bir qismiga yetdi. Bu holat qisman geosiyosiy xavf omilini aks ettiradi. Shuningdek, amerikalik yoshlarning ota-onasidan ko‘proq maosh olish imkoniyati pasayib boryapti.

Ta’kidlanishicha, bugungi ko‘p qutbli “tezkor o‘zgaruvchan” dunyoda siyosatchilar o‘z fuqarolari, ayniqsa yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yanada ko‘proq harakat qilishlari kerak.

O‘zA sharhlovchisi Saidmurod Rahimov tayyorladi.