O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tashabbusi bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumidagi ma’ruzasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Unda yurtimizda yoshlar siyosatiga oid amalga oshirilayotgan islohotlar e’tirof etilib, Prezidentimizning yoshlar forumidagi ma’ruzasida ilgari surilgan hayotiy tashabbuslar, muhim vazifalar yuzasidan O‘zMTDP fraksiyasi oldida turgan maqsad-vazifalar muhokama qilindi.
— Forumda Prezidentimiz tomonidan yoshlar muammolarini yechishga qaratilgan o‘ziga xos bir nechta muhim takliflar ilgari surildi, — dedi O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov. — Ulardan bir partiyamiz tomonidan muntazam ko‘tarilib kelinayotgan ta’lim krediti masalasida aniq yechimlar bildirildi. Endi ta’lim krediti Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmagan holda ajratiladigan bo‘ldi. Bu esa yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etib, o‘z navbatida, ularning ota-onalari, oilalariga ham ko‘mak bo‘ladi.
Davra suhbatida yoshlar forumida bevosita ishtirok etgan Yoshlar parlamenti a’zolari ham ishtirok etib, o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi. Jumladan, Yoshlar parlamenti rahbari, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi Shahnoza Joldasova so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan berilgan mukofot yoshlarga, yosh deputatlarga berilgan baho ekanini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining ma’ruzasida ta’lim-tarbiya, milliy qadriyat masalalariga ustuvorlik berilgani va bu partiyaning eng asosiy g‘oyalaridan ekanini e’tirof etdi. Shuningdek, Yoshlar parlamenti a’zosi Elyorbek Keldiyorov forum taassurotlari hamda ma’ruzada bildirilgan takliflar haqida to‘xtalib o‘tdi:
— Davlatimiz rahbarining mamlakat yoshlariga e’tibori, g‘amxo‘rligi har birimizga g‘urur-iftixor, qolaversa, katta mas’uliyat yuklaydi. Prezidentimiz forumdagi ma’ruzasida endilikda nafaqat Senat yoki Oliy Majlisda, balki xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda ham yoshlar parlamenti maktablari ochilishini ta’kidladi. Bu esa joylardagi minglab yoshlar, tengdoshlarimizga katta kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishladi. Bundan buyon xalq deputatlari Kengashlari tavsiyasi asosida yosh, g‘ayratli o‘g‘il-qizlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlarga biriktirilishi ma’lum qilindi. Shu o‘rinda O‘zMTDP tizimida “Ustoz – shogird” an’anasi allaqachon yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etmoqchiman. Ya’ni, “Milliy tiklanish”dan saylangan har bir yosh deputat fraksiya a’zolariga biriktirilgan bo‘lib, ular bilan birga hududlarda uchrashuv va o‘rganishlar olib bormoqda. Bu esa bizning malaka va ko‘nikmalarimizni oshirishda, yoshlar ichiga chuqurroq kirib borishimizda muhim o‘rin tutadi, — dedi Elyorbek Keldiyorov.
Ochiq muloqotda masofadan ishtirok etgan hududiy kengash yoshlari ham so‘z olib, yoshlar siyosati bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi. Tadbir ishtirokchilari partiya yetakchisining endi har bir fraksiya yig‘ilishida partiyaning Yoshlar parlamenti a’zolaridan besh nafari bevosita Oliy Majlisga kelib qatnashishi bo‘yicha bildirgan taklifini bir ovozdan ma’qulladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA