Bu haqda bugungi brifingda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Brifing avvalida o‘tgan haftada Prezidentimiz ishtirokida bo‘lib o‘tgan asosiy voqealar haqida axborot berildi.
17 oktyabr kuni Davlat rahbari huzurida mahallalar infratuzilmasiga ajratilayotgan mablag‘larning sarflanishini nazorat qilish masalasi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
18 oktyabr kuni Prezidentimiz “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasiga tashrif buyurdi. U yerda Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.
Shu kuni davlat rahbari agrar sohada yil yakunigacha kutilayotgan natijalar va kelgusi yildagi vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
19 oktyabr kuni Prezidentimiz Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakalani qabul qildi. O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Prezidentimiz 21 oktyabr kuni O‘zbek tili bayrami bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi.
Prezident 20–21 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ldi.
Hafta yakunida Prezidentimiz Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Xitoy Kommunistik partiyasining XX qurultoyi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda u partiyaning Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Joriy hafta ham davlat rahbarining ish jadvali juda tig‘iz bo‘lishi, qator uchrashuv, muhokama, tashriflar bo‘lib o‘tishi ta’kidlandi.
Bugun kunning birinchi yarmida Prezidentimiz Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Hafta davomida davlat rahbari Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishelni qabul qiladi. Uchrashuv kun tartibidan O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hakmkorligini muhokama qilish hamda mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar yuzasisdan fikr almashish o‘rin olgan.
Bundan tashqari, hozirda qator xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda.
27 oktyabr kuni davlatimiz rahbari “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Ostona shahriga tashrif buyuradilar.
Shu bilan birga, mazkur ish haftasidan boshlab hudud rahbarlari joylarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha Prezident huzurida hisobot berishni boshlaydilar.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimidagi joriy va kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan muhokamalar rejalashtirilgan.
O‘zA